Qaror va ijro

Bugun poytaxtimizning “International” mehmonxonasida MDH davlatlarining yer qa’rini qidirish, foydalanish va muhofaza qilish bo‘yicha Hukumatlararo kengashining XXIV sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiya delegatsiya vakillari ishtirok etgan tadbirda MDH davlatlarining yer qa’rini qidirish, foydalanish va muhofaza qilish kabi masalalarda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.

Ta’kidlanganidek, MDH davlatlarining yer qa’rini qidirish, foydalanish va muhofaza qilish bo‘yicha Hukumatlararo kengashi 1997 yil 27 martdagi Mineral-xomashyo resurslarini o‘rganish, qidirish va foydalanish sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi Bitimga muvofiq tashkil etilgan va u MDH tashkiloti hisoblanadi.

Bitim Armaniston, Ozarbayjon. Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston. Moldova, Tojikiston, Ukraina va Rossiya tomonidan imzolangan.

– Hukumatlararo kengashning eng muhim yo‘nalishi kelishilgan tarzda harakat qilish yo‘li bilan MDH doirasida yer osti boyliklarini o‘rganish, qidirish, foydalanish va muhofaza qilish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ziyoda Ahmedova.

– Unda mineral-xomashyo resurslarini o‘rganish, qidirish va foydalanish sohasida hamkorlik qilish, yangi va zamonaviy uslubiyotlardan foydalanishni kengaytirish, shuningdek, MDH davlatlari mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashinish, chegaraoldi hududlarini geologik o‘rganish, Geologik tavsifdagi umumlashma xaritalarni tuzish va mineralogik potensialni baholash, chuqurlikka oid geologik-geofizik tadqiqotlarni o‘tkazish kabi masalalar qamrab olingan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 iyuldagi “Xalqaro shartnomaga qo‘shilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. 2020 yil 26 martda MDH Ijroiya qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston 2020 yil 16 martdan e’tiboran bitimga qo‘shilganligi ma’lum qilingan. Davlat geologiya qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi “Xalqaro shartnomalar to‘g‘risida”gi qonunining 34-moddasiga muvofiq ushbu bitim qoidalari ijrosini ta’minlaydi.

– Hozirda Davlat geologiya qo‘mitasi foydali qazilmalar konlari joylashgan chegaraoldi hududlarni birgalikda geologik o‘rganish, shuningdek, qo‘shni Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlari bilan 1: 1000000 masshtabdagi umumlashma geologik xaritalarini tuzish va yer po‘stining yirik bloklarini mineralogik potensialini baholash ishlarida qatnashmoqda.

Hukumatlararo kengash o‘z faoliyatini 5 yillik Istiqbol rejasi bo‘yicha amalga oshirayotir. Bunda yer qa’rini geologik o‘rganish, mamlakatlar mineral-xomashyo bazalarini to‘ldirish va sifat jihatdan yaxshilashga doir muayyan loyihalarni va hamkorlikdagi dasturlarni amalga oshirish, ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlari, istiqbolli loyihaviy va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarni aniqlash ishlari aks etadi, – dedi Ziyoda Ahmedova.

 

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri