Koreya Xalq Demokratik Respublikasi sinovdan o‘tkazgan oxirgi uchoq tovush tezligidan 12 karra tezroq harakatlanishi aytilmoqda.

Shimoliy Koreya Tinch okeani mintaqasidagi barcha raqiblarini ishonchli tarzda nishonga oladigan giper tovush kallakli, yangi o‘rta masofaga mo‘ljallangan ballistik raketani uchirdi, deb yozdi bu haqda BBC.

Kecha uyushtirilgan mazkur amaliyot AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Seulda Janubiy Koreya yetakchilari bilan muzokara o‘tkazayotgan paytga to‘g‘ri keldi.

Odatda giper sonik qurolni kuzatish va otish qiyin, chunki bunday qurilmalar tovush tezligidan kamida besh marta tez uchadi. KXDR tomonidan bu galgi qurol tovushdan 12 barobar yuqori tezlikda taxminan 1500 kilometrni bosib o‘tgani da’vo qilinmoqda.

Janubiy Koreya harbiylari avvalroq raketa dengizga tushishidan oldin 1100 km parvoz qilgani va bunday ig‘vogarona harakat qat’iy qoralanishini bildirgandi.

Pxenyan ta’kidlashicha, uglerod tolasidan yasalgan dvigatelga ega mazkur zamonaviy uchoq yangicha parvoz va yo‘nalishni boshqarish tizimi bilan jihozlangan.

Davlat rahbari Kim Chen In dushanba kungi raketa sinovi “raqiblarga biz nima qilayotganimizni, qonuniy manfaatimizni himoya qilish uchun har qanday vositalardan foydalanishga to‘liq tayyorligimizni yaqqol ko‘rsatdi”, dedi.

Karnegi jamg‘armasi yadro quroli bo‘yicha mutaxassisi Ankit Panda fikricha, yangi qurol ishga tushirilishi hayratlanarli voqea emas.

– Shimoliy Koreya bir necha yildan beri raketadan foydalanish uchun murakkab materiallar bilan ishlayotganini bilamiz, – dedi u. – Ushbu materiallar jozibadorligi foydali yukning unumdorligi va ishonchliligini keng miqyosda oshirishdan iborat.

Qurolni nazorat qilish va tarqatmaslik markazi ma’lumotiga ko‘ra, giper tovushli aslahalar oldindan mavjud bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda yaratilgan raketalar ancha chaqqon, atmosferaga tez kirib boradi va qochish manyovrlariga ega.

Giper sonik raketani fazoviy o‘lchagich yordamida aniqlash mumkin. Turli hisobotlar ko‘rsatadiki, bunday qurilmalar oldindan aytib bo‘lmaydigan trayektoriyasiga qaramay, giper tovushli raketani tutib oladigan texnologiyaga ega.

Darvoqe, Uzoq Sharqqa tashrifi chog‘ida AQSH Davlat kotibi Janubiy Koreya Prezidenti vazifasini bajaruvchi Choy San-mok bilan uchrashdi. U Vashington va Seul ittifoqini “Koreya yarim orolidagi tinchlik va barqarorlik poydevori” deya ta’rifladi.

Musulmon Ziyo, O‘zA