So‘nggi yillarda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida uzluksiz islohotlar olib borilishi natijasida ta’lim maskanlarining soni va ulardagi sifat ko‘rsatkichi yildan yilga ortib bormoqda.
Xususan, o‘tgan yil davomida mamlakatimiz miqyosida 4 ming 644 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilgan va buning natijasida qo‘shimcha 170 mingdan ortiq bola o‘rni yaratilgan. Ushbu bog‘chalarning 86 tasi davlat, 57 tasi DXSH asosida tashkil etilgan nodavlat, 10 tasi xususiy hamda 4 ming 491 tasi oilaviy nodavlat bog‘chalardir. Bolalarning maktabgacha ta’limga qamrov darajasi 76 foizga, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov qamrovi 96 foizga yetkazildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, kasb-hunarga o‘qitish amaliyoti joriy etilgan maktablar soni 289 taga, yangi baholash tizimi joriy etilgan maktablar soni 1 ming 500 taga, ikkinchi xorijiy til o‘qitiladigan maktablar soni 354 taga yetkazildi. Maktablarda xorijiy tillarni ommalashtirish maqsadida xorijiy davlatlardan 500 nafar chet tili fani o‘qituvchisi jalb etildi. Til bilish bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega xorijiy til o‘qituvchilarining soni 29 ming nafardan oshdi.
O‘qituvchilarga malaka toifalarini berish tizimi takomillashtirilib, 340 ming nafarga yaqin pedagoglar yangi tartib asosida malaka sinovlaridan, birinchi marta ishga qabul qilingan 13 mingga yaqin stajyor-o‘qituvchilar kasbiy sertifikatsiyadan o‘tkazildi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun 132 nomdagi yangi darsliklar yaratilib, 40 milliondan ortiq nusxada chop etildi. 7 mingga yaqin davlat bog‘chalari 49 nomdagi o‘quv-metodik va didaktik materiallar bilan ta’minlandi.
Maktab o‘quvchilari tomonidan xalqaro miqyosdagi turli fan olimpiadalarida jami 128 ta, jumladan 15 ta oltin, 36 ta kumush va 77 ta bronza medallari qo‘lga kiritildi. O‘tgan 2024 yilda 420 ming nafardan ortiq rahbar va pedagog kadrlar malakasi oshirildi. 142 nafar pedagog Fransiya, Xitoy, Turkiya, Belarus, Rossiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya kabi xorijiy davlatlarda malaka oshirdi.
2 ming 700 nafarga yaqin maktab direktori va direktorlikka nomzodlar “Menejerlik o‘quv kursi”da o‘qitildi va ularning qariyb 1800 nafariga sertifikat berildi. 400 tadan ortiq maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlandi va 105 mingdan ortiq yangi o‘quv o‘rni yaratildi. Shuningdek, 115 ta nodavlat maktab tashkil etilishi natijasida 40 mingga yaqin o‘quvchi o‘rni yaratildi. Umumta’lim maktablari qariyb 62 milliard so‘mlik sport jihozlari, 46 milliard so‘mlik milliy musiqa cholg‘u asboblari bilan ta’minlandi.
Inklyuziv ta’lim joriy etilgan maktablar soni 947 taga yetkazilib, unga 2 ming nafarga yaqin o‘quvchi qamrab olindi. Buxoro, Namangan va Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahrida “Mehrli maktab” filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 104 ming nafar o‘quvchi xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi.
Aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish ko‘lami va sifati muntazam oshirib borilishi natijasida 70 mingga yaqin fuqaroga shahodatnoma dublikatini berish, 2 ming 500 nafarga yaqin chet el fuqarolarining farzandlarini maktabga qabul qilish, 110 ming nafarga yaqin o‘quvchilarni bir maktabdan boshqa maktabga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida davlat muassasasi shaklida Fan olimpiadalari markazi tashkil etildi. Vazirlik huzuridagi A.Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti qayta tashkil etilib, uning tarkibidagi 13 ta Pedagogik mahorat markazi transformatsiya qilindi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon va Samarqand viloyatidagi jami 504 o‘rinli filiallari tashkil etildi. Prezident maktablari SAT xalqaro sertifikati imtihonlarini o‘tkazadigan rasmiy markaz sifatida tan olindi. Prezident maktablari bitiruvchilarining 81 foizi xalqaro matematika va ingliz tilini bilish darajasini baholovchi (SAT) sertifikatlari, ijod maktablari bitiruvchilarining 90 foizi, ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchilarining 56 foizi xalqaro va milliy darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida Bahodir Jalolov va Oksana Chusovitina nomidagi sport maktablari tashkil etildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA