Bugun hech qaysi bayramni gaz bilan to‘ldirilgan pufaklarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Tug‘ilgan kun, yangi savdo do‘koni va idoralarning ochilishida gaz to‘ldirilgan pufaklardan, ya’ni so‘zlashuv nutqida “sharlar” deb nomlanadigan vositalardan foydalanish urf bo‘lgan.

Odatda, bunday pufaklarga havoga nisbatan yengilroq bo‘lgan gazlar to‘ldiriladi. Ayrim shunday gazlar tez yonuvchan xususiyatga ega bo‘lishi mumkin.

Bolalar havo sharlari hamda ulardan yasalgan o‘yinchoqlarni miriqib o‘ynaydilar. Biroq gaz bilan to‘ldirilgan havo sharlari hayot uchun juda xavflidir.

Xizmat yoki yashash xonalarida sharlarda chaqnashning yuzaga kelishi ayanchli oqibatlarga olib kelishi turgan gap. Portlash sodir bo‘lishi uchun birgina uchqun yoki cho‘g‘-olovning o‘zi yetarli. Natijada, insonlar jiddiy tan jarohati olishi va bayram fojiaga aylanishi mumkin.

Mutaxassis ta’kidlab o‘tganidek, aslida ushbu bayramona “sharlar” inson salomatligi uchun xavfsiz bo‘lgan, portlash va yonish xususiyatiga ega bo‘lmagan yengil gazlar bilan to‘ldirilgan bo‘lishi lozim.

Ming afsuski, daromad istagida bo‘lganlar pufaklarni propan, metan gaz bilan to‘ldirishi oqibatida yuqori darajadagi kuyish, portlashlarga sababchi bo‘lib qolishmoqda.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, gaz bilan to‘ldirilgan sharlarni xarid qilsangiz yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilgan xolda foydalanishni, yoki aksincha shodiyona kuningizni fojeaga aylantirmaslik uchun ushbu pufaklardan voz kechishingizni tavsiya etib qolamiz.

Bizni kuzatishda davom eting, o‘zingiz va yaqinlaringizni e’tiborsiz qoldirmang.

M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA