8 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni

“Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, prokuratura organlari qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini, O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish bo‘yicha faoliyat yuritadi.

O‘zbekiston prokuratura organlari ushbu yo‘nalishlar bilan bir qatorda aholi manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha ham izchil faoliyat yuritmoqda.

O‘tgan yilda prokurorlar sektorlaridagi “Temir daftar”ga kiritilgan 7 mingdan ziyod oilaga har tomonlama ko‘mak berilib, 3 mingdan ortiq ishsizlar bandligi ta’minlandi.

Prokurorlar tashabbusi bilan 700 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkalari o‘tkazilib, ularda 10 mingga yaqin ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Bu kabi ishlar, avvalo, jamiyatda barqarorlikni ta’minlashga, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishda muhim o‘rin tutishi bilan ahamiyatlidir.

2024 yilda prokuratura organlari tomonidan aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 160 mingga yaqin nazorat hujjati qo‘llanilib, 360 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.

Nazorat tadbirlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilgani aniqlangan 3 trillion so‘mlikka yaqin zararning undirilishi ta’minlangan.

Aholining kundalik turmushida muhim o‘rin tutayotgan yoqilg‘i-energetika sohasida qonuniylikni ta’minlash prokuratura organlari, ayniqsa, Bosh prokuratura rahbariyatining alohida e’tiborida turibdi.

Shu maqsadida har kuni respublikamiz bo‘ylab o‘rganish va nazorat tadbirlari muntazam o‘tkazilmoqda. Aniqlanayotgan kamchiliklar joyida bartaraf etilishi uchun zarur choralar ko‘rilmoqda. Qishki mavsumda o‘tkazilgan reyd tadbirlarida 100 mingdan ortiq noqonuniy holat fosh etildi.

Xalq bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolar muammolarini hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilib, tushayotgan murojaatlarni o‘z vaqtida hal qilish, buzilgan huquqlarni tiklash ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Iqtisodiyotning muhim tayanchi bo‘lgan tadbirkorlarga har tomonlama ko‘mak berish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar va byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga doir vazifalar ijrosiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, tadbirkorlar, shu jumladan, xorijiy investorlarning 30 minga yaqiniga “tez yordam” tamoyili asosida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Natijada faoliyat ko‘rsatmayotgan 8 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ektining faoliyati qayta tiklanishi hisobiga 10 mingdan ortiq ish o‘rni yo‘qotilishining oldi olindi.

Shu bilan birga, 22 mingga yaqin holatda tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuv va byurokratik to‘siqlar aniqlanib, bartaraf etildi. 16 mingga yaqin tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi. Xorijiy investorlar faoliyatida yuzaga kelgan 3 mingdan ziyod muammo ijobiy hal etildi.

Huquqbuzarliklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi tadbirlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda. Ko‘rilgan choralar natijasida 3 mingdan ziyod mahallada jinoyat qayd etilmadi, 5 mingga yaqinida jinoyatchilik barqaror saqlanib qolinishiga va kamayishiga erishildi.

Tezkor – qidiruv sohasida ham nazorat kuchaytirilib, noaniq sharoitlarda sodir etilgan 31 mingdan ortiq jinoyat fosh etilishi hamda qidiruvda bo‘lgan 8 mingga yaqin shaxsning ushlanishi ta’minlandi.

Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.

Norgul Abduraimova, O‘zA