Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar, “Mahallabay” va “korxonabay” ishlash tizimlari hamda sohani raqamlashtirish borasidagi ishlar natijasi soliq tushumlarini sezilarli darajada oshirdi.
Xususan, soliq organlari tomonidan respublika bo‘yicha byudjetga 199,6 trln. so‘m soliq tushumlari ta’minlanib, 2023 yilga nisbatan 20 foiz o‘sishga erishildi. Tuman va shaharlar byudjetiga tushumlar 24 foizga oshdi. Hududlar kesimida Toshkent shahri – 27 foiz, Sirdaryo – 25 foiz va Toshkent viloyati – 23 foiz yuqori o‘sish kuzatildi.
Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari 31,4 foizga (+1,4 trln.so‘m) o‘sdi. Toshkent shahri – 63,6 foiz, Toshkent viloyati – 42,5 foiz, Andijon – 37,6 foiz, Surxondaryo – 32,2 foiz o‘sish darajasi yuqori bo‘ldi. AOSdan 2,8 trln. so‘m tushirilib, o‘tgan yilga nisbatan 17,5 foizga o‘sdi.
Foyda solig‘i 29,1 foizga jumladan, yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi 30,8 foizga va hududlarda 19,6 foizga o‘sdi. Sirdaryoda 1,8 baravarga, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1,5 baravarga, Xorazmda 1,4 baravarga tushumlar o‘sib, respublika darajasidan yuqori. QQS 16,4 foizga (+5,6 trln.) o‘sdi. Sirdaryoda 39,2 foiz, Toshkent shahrida 31,7 foiz, Toshkent viloyatida 27,6 foiz, Jizzaxda 25,8 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 23,7 foiz o‘sdi yoki respublika darajasidan yuqori.
Bundan tashqari, soliq organlari xodimlari tomonidan manzilli ko‘rsatilgan amaliy yordamlar natijasida 64,5 mingta vaqtincha moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan kichik tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati tiklandi, 134,8 mingta yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi.
Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni o‘z vaqtida tuzatish imkonini beruvchi “Avtokameral” tizimi natijasida 37,9 trln. so‘mga ixtiyoriy ravishda qayta hisobotlar taqdim etilib, xatoliklar bartaraf etildi hamda 13,8 trln. so‘mlik moliyaviy jarimalar qo‘llanilishining oldi olindi.
Sohani raqamlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi va serverlar yangilandi, zamonaviy telekommunikatsiya uskunalari o‘rnatildi. Soliq organlarining aloqa infratuzilmasi va axborot xavfsizligi tizimlari modernizatsiya qilindi, soliq ma’muriyatchiligi uchun yagona raqamli platforma yaratildi, katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish uchun zamonaviy texnologiyalar joriy qilindi, soliq to‘lovchilarga real vaqt rejimida taqdim etiladigan xizmatlar ro‘yxati kengaytirildi.
Bugungi kunda hisobvaraq-faktura va kassa cheklari 100 foiz elektron shaklda rasmiylashtirmoqda. Bu ma’lumotlar hisobotlarda avtomatik aks etib, avtomatlashtirish darajasini oshirishda eng muhim vosita bo‘ldi.
Soliq to‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlarning sodda va qulay bo‘lishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan “Soliq” mobil ilovasidan ham jismoniy, ham yuridik shaxslarning birday foydalanish imkoniyati yaratildi. Hozir tadbirkor, fuqaro “Soliq” mobil ilovasidan foydalanib, dunyoning qaysi burchagida bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘z majburiyatini bajarishi mumkin.
Korxona rahbari yoki ta’sischi butun boshli biznesining buxgalteriyasi qanday ishlayotganini kuzatib borishi, qonuniy ishlayotgan biznes hamkorlarni tanlashi mumkin. Bu esa o‘zaro ishonchli va mustahkam hamkorlik garovidir. O‘tgan yil dekabr oyining o‘zida ushbu ilovadan 115 mln. martadan ko‘p foydalanilgan.
“Quyoshli xonadon” xizmati orqali 10,2 ming nafar foydalanuvchiga 11,6 mlrd. so‘m, “Ijtimoiy keshbek” xizmati orqali 135,7 mingta foydalanuvchiga 24,6 mlrd. so‘mlik subsidiya byudjetdan qaytarildi. Shuningdek, xaridorlarga berilayotgan onlayn cheklar tahlili orqali qaysi hududda qandaydorilarga talab kuchayganligiga qarab, kasalliklarning oldini olishga qarshi tezkor qaror qabul qilish imkoniyati yaratildi. Bu yaqin kelajakda har bir mahsulot bo‘yicha iste’mol ehtiyoji haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilish imkoni paydo bo‘ladi. Bu esa byudjet mablag‘lari taqsimotida aholi ehtiyojiga qarab iste’mol tovarlari import-eksporti, ishlab chiqarish yoki yetishtirish hajmini oldindan belgilashga imkon beradi.
Shu o‘rinda aytish joiz, Tadbirkorlarning barqarorlik reytingida har bir tadbirkor o‘z o‘rni va bahosini real vaqtda bilib borishi mumkin bo‘ldi. Hozirda “Tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingi” elektron onlayn platformasida jami 520,6 mingta tadbirkorlik sub’ekti baholangan. Bugun tadbirkorlikka yaratilgan qulay sharoitlar sabab, tadbirkorlar bilan hamkorligimiz yangi bosqichga ko‘tarildi. 31 ming tadbirkor barqarorlik reytingini yaxshilab, halol tadbirkorlar safini kengaytirmoqda. Umumiy yuqori reytingdagi tadbirkorlar soni 4,5 baravarga ko‘payib, jami 7,5 mingdan oshdi. AAA reytingdagi tadbirkorlarning 1107 tasiga 1,9 trln. so‘mlik QQS summasi 1 kunda tekshiruvlarsiz qaytarib berilgan.
Soliq bilan bog‘liq savollarga 24/7 rejimida Call-markaz orqali 774,2 mingdan ortiq murojaatlarga, “Soliq organlari bilan qayta aloqa” axborot tizimida 68 860 ta qisqa xabarlarga mutaxassislarning javoblari berildi.
AOKAda Soliq qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimova ishtirokidagi brifingda ma’lum qilinishicha, 2025 yilda 224 trln. so‘m soliq tushumlarini ta’minlash vazifasi belgilandi. Shuningdek, soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni raqamli transformatsiya orqali yanada yaxshilash, KPI mezonlari asosida mahallabay va korxonabay ishlash tizimini rivojlantirish vazifasi belgilangan.
Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda soliq nazorati instrumentlarini takomillashtirish, Davlat ulushi yuqori bo‘lgan korxonalarda xarajatlarni nazorat qilish va soliq monitoringini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA