Ma’lumki, qish kunlari yurtdoshlarimiz tog‘li hududlarda dam olishni xush ko‘radi. Shu sabab, ushbu hududlarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida FVV va boshqa tegishli tashkilotlar xodimlaridan iborat navbatchilik tashkil etilgan bo‘lib, kuchaytirilgan tartibda xizmat olib borilmoqda.
Xususan, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida 25 dan ortiq dam olish go‘shalari mavjud. Bu dargohlar nafaqat aholimiz, balki yurtimiz mehmonlariga sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Albatta, ushbu hududlarda fuqarolar maroqli dam olishi va xavfsizligini ta’minlash muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Ayni shu maqsadda FVV, Ichki ishlar, Milliy gvardiya kabi qator mas’ul tashkilotlardan yuzlab xodimlar jalb qilingan bo‘lib, tunu kun navbatchilik asosida xizmat olib borishmoqda. Soha xodimlari tomonidan dam olish maskanlarida fuqarolarga dor yo‘llaridan hamda chang‘ilardan foydalanishda havfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishlari uchun turli zaruriy tavsiyalar berilmoqda.
Shuningdek, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan bino va inshootlarda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish maqsadida qator tushuntirish va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
–Hududimizda mehmonlarimiz ko‘p, –deydi dam olish maskani xodimi Jamshid Rahimberdiyev. – Shu sabab FVV, Ichki ishlar, Milliy gvardiya va Turizm qo‘mitasi xodimlari tunu-kun biz bilan hamkorlikda ishlamoqda. Kelgan turistlar bilan muloqot qilinib texnika xavfsizligiga rioya qilgan holatda ularga tushuncha berishmoqda. Albatta, bu kabi profilaktik tadbirlar ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish, aholi salomatligini asrash hamda dam olish kunlarini xavfsiz va maroqli o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA