Qishloq xo‘jaligi sohasi katta tavakkalchiliklar bilan bog‘liq. Oxirgi yillarda keskin iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sharoitida dehqonchilik qilish, dunyodagi geosiyosiy vaziyatda aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabni qondirish mushkul masalaga aylanib bormoqda.

Shu bois, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada dunyoning 50 dan ortiq mamlakatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni sug‘urtalash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, Yaponiyada 1924 yilda hayvonlarni sug‘urtalash boshlangan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ayni masalalarga qaratilgan.

— Bugungi kunda global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tabiiy ofatlar natijasida ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga zarar yetmoqda, — dedi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov. — Jumladan, 2023 yilgi qish mavsumidagi anomal sovuq harorat natijasida respublikamizdagi 9,1 ming gektar bog‘, 4 ming gektar uzumzorlarni sovuq urishi oqibatida 207 ming tonna hosil nobud bo‘lgan edi.

Ushbu qonun loyihasiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda tabiiy ofatlar, yong‘in, o‘simliklarning kasalliklar va zararkunandalardan talofat ko‘rishi, chorva mollarining yuqumli kasalliklardan nobud bo‘lishi va zaharlanishi hamda yovvoyi hayvonlar tomonidan ekinlarga zarar yetkazilishi bo‘yicha sug‘urta shartnomalarini tuzish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslarini belgilash, qishloq xo‘jaligi sohasida tavakkalchiliklarini sug‘urtalash jarayonida ishtirok etuvchi sub’ektlarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.

Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini amalga oshirishda Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ushbu jamg‘arma faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ sifatida belgilanmoqda. Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari, sug‘urtalanishi lozim bo‘lgan tavakkalchiliklar, sug‘urta mukofotlari bo‘yicha subsidiyalar berish, qayta sug‘urtani amalga oshirish, sug‘urta tovonlarini to‘lash, sug‘urta tizimini to‘liq raqamlashtirish hamda sohani davlat tomonidan muvofiqlashtirish bilan bog‘liq munosabatlarning huquqiy asoslari ham qonun loyihasida aks etmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda 770 mingdan ortiq qishloq xo‘jaligi sub’ektlari mavjud. Loyiha bilan Mustaqil ekspertlar kengashi tashkil etilmoqda. Kengash ekspertlari joylarga borib, o‘rganadi, xavfni baholab, xulosalar beradi. Sug‘urta jamg‘armasi tomonidan zarar qoplab beriladi. Agar jamg‘armaning puli yetmasa, davlat byudjetidan ham mablag‘ yo‘naltirilishi belgilanmoqda, — dedi vazir.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar loyihaning dolzarbligini ta’kidlab, savol va takliflarni bildirdilar.

Ta’kidlandiki, qonun loyihasining qabul qilinishi bilan mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda sug‘urtalash tizimi joriy etilib, mahsulot yetishtiruvchilarga qulay shart-sharoitlarni yaratishga imkon beradigan sug‘urta majburiyatlarini bajarish bo‘yicha tegishli huquqiy munosabatlar tartibga solinadi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlariga xavf-xatarlar tufayli zarar yetgan hollarda zararning o‘rnini qoplash hamda qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklari sug‘urtasini amalga oshirishning huquqiy asosi yaratiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA