Bugungi kunda ko‘pgina insonlar, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida elektron sigaretalarni iste’mol qilish holatlari ortib bormoqda. Achinarlisi, maktab o‘quvchilari ham bu zararli vositalardan foydalanishmoqda.

Ko‘pchilik elektron sigaretalarning zarari kam deb o‘ylaydi. Ammo tadqiqotlarda elektron sigaretalarda nikotin moddasidan tashqari kanserogen, zaharli bo‘lgan 80 xil kimyoviy birikma va og‘ir metallar mavjudligi inson sog‘lig‘iga va atrof-muhitga jiddiy ziyon ko‘rsatadi.

Xususan, organizmda nikotinga qaramlik oshishi bilan birga, bolalar va o‘smirlarda miya rivojlanishiga, intellekt, bilim va qobiliyatning pasayishiga, ruhiy agressivlik rivojlanishiga olib keladi.

Shuningdek, bronx-o‘pka tizimida zaharlanish (astma, bronxit, “eozinofil pnevmoniya”), o‘limga olib keluvchi yallig‘lanish, saraton va “bodroqsimon o‘pka” kasalligini keltirib chiqarishiga, oshqozon-ichak traktida saraton kasalligi, markaziy nerv tizimi, buyrak va jigar funksiyasining buzilishi, shuningdek, gipertaniya, insult, infarkt kabi yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanishiga, immunitetni, ayollar reproduktivligi pasayishiga, homilaning irsiy nogironligi yoki o‘limiga olib kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat — ayrim qonun hujjatlariga ba’zi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarining, shu jumladan, elektron sigaretalarning muomalasini taqiqlash hamda javobgarlik belgilashga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritishga qaratilgan qonun loyihasi bo‘ldi.

Qonun loyihasi bo‘yicha sog‘liqni saqlash vaziri A.Xudoyorov ma’ruza qildi:

— Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasida nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarning muomalasi — ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, O‘zbekiston hududiga olib kirish, olib chiqish taqiqlanmoqda. Shuningdek, aylanmasi taqiqlangan chekilmaydigan tamaki mahsulotlari, nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Nega aynan elektron sigaretalar taqiqlanmoqda? Uning oddiy sigaret va tamakidan qanday farqi bor? E’tibor qaratsak, oddiy tamakini yoshi kattalar ko‘proq chekadi. Elektron sigaretalar esa nikotinli va aromatizatorlardan foydalanilgani, qolaversa, bejirim va o‘ziga jalb etadigan ko‘rinishda ishlab chiqarilayotgani bois asosan yoshlar, eng achinarlisi, qizlar o‘rtasida ham ommalashishiga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, narkotik moddadan ham ko‘ra nikotin moddasining insonga salbiy ta’siri katta.

Mamlakatimizda ushbu holatlarning oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmasa, bunday mahsulotlarni chekuvchi yoshlar chekmaydiganlarga nisbatan deyarli uch baravarga ko‘p an’anaviy tamaki mahsulotlarini chekishga o‘tadilar.

Bu esa kelajak avlod salomatligiga va millat genofondiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, — dedi vazir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoning 37 ta davlatida elektron sigaretalar aylanmasi taqiqlangan. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi bilan O‘zbekistonda ham bu zararli vosita muomalasiga taqiq qo‘yiladi. Bu esa aholi, ayniqsa, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qiladi.

Qizg‘in muhokama va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA