Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibining ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan gender tenglik – inklyuziv va barqaror o‘sishga erishishning asosiy omili hisoblanadi. U kambag‘allikni qisqartirish, tengsizlikni bartaraf etish va ijtimoiy farovonlikni oshirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Shu bois BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO a’zo davlatlarni gender tengligi maqsadlariga erishishga qaratilgan siyosiy tamoyillarni ishlab chiqish va amalga oshirishda, mehnat resurslarining katta qismini ayollar tashkil etuvchi qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘llab-quvvatlab kelyapti.

Tuzilma O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda qurg‘oqchilikka uchragan ekotizimlardagi o‘rmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish” loyihasini amalga oshirmoqda.

Mazkur loyiha doirasida “Hech kim ortda qolmasligi kerak” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda gender yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha Strategiya loyiha ham ishlab chiqildi. Loyiha mutasaddilari tomonidan ushbu strategiya muhokamasiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.

Tadbirda muloqot, fikr almashish, hujjatni amalga oshirish bo‘yicha amaliy qadamlar belgilab olindi. Ta’kidlash joiz, ushbu hujjat barcha uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash, qishloq xo‘jaligi resurslarini barqaror boshqarish hamda qaror qabul qilishda ayollar ishtirokini oshirishga qaratilgan.

– 2021 yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan qabul qilingan gender strategiyada har bir vazirlik va tashkilot o‘zining gender strategiyasini ishlab chiqishi taklif etilgan edi, – deya tadbir mohiyati haqida so‘z yuritdi Senat a’zosi Malika Qodirxonova. – Qishloq xo‘jaligi sohasida gender strategiyasining ishlab chiqilishi nima uchun muhim? Bilamizki, bugungi kunda yurtimizda qishloq aholisining 48 foizidan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etadi. Qishloq joylarda yashaydigan ayollarning turmush tarzi ham, qiladigan mehnati ham og‘ir bo‘lishiga qaramay, ular aholimiz dasturxoniga ekologik toza mahsulotlarni yetkazib berishda juda faol. Gender strategiyasida ular uchun ish o‘rinlari sifatini yaxshilash, shuningdek, moliyaviy va huquqiy bilimlarini oshirish masalalari o‘z aksini topgan.

Qayd etish kerak, strategiya loyihasi yetakchi milliy va xalqaro ekspertlar, jumladan, FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi mutaxassislari ishtirokida tayyorlangan.

– Barqaror rivojlanishni gender masalasini hisobga olmasdan turib amalga oshirish mumkin emas, – dedi dedi FAO loyihasi bosh texnik maslahatchisi Narimon Nishonov. – Ma’lumki, ayollar qishloq xo‘jaligida asosiy rol o‘ynaydi, ular chorvachilik, yig‘im-terim va yerga ishlov berish bilan shug‘ullanadi, ammo ularning huquq va imkoniyatlari ko‘pincha cheklangan, shuning uchun yaylovlarda yer egalari huquqlarini mustahkamlashda oqilona yondashuv, bu ayollar va erkaklar uchun resurslardan teng foydalanishdir.

Yig‘ilish davomida iqlim o‘zgarishi va yer degradatsiyasi mavjud tengsizlikni kuchaytirayotgani, shu bois ayollar uchun o‘zgarishlarga moslashish va yangi sharoitlarda muvaffaqiyatli ishlashga yordam beradigan vosita va mexanizmlarni ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Tadbir doirasida ixtisoslashtirilgan tashkilot va boshqarmalar vakillari uchun seminar ham tashkil etildi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA