“El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlarni nufuzli xorijiy oliygohlarga o‘qishga yuborish ko‘lamini 2 baravarga oshirish vazifasi belgilangan. Xo‘sh, Jamg‘armaning o‘tgan 2024 yildagi faoliyati qanday kechdi?

2024 yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasining 500 o‘ringa (100 o‘rin bakalavriat, 250 o‘rin magistratura va 150 o‘rin doktoranturaga) mo‘ljallangan ochiq stipendiya tanlovi tashkil etilgan. Mazkur tanlov doirasida kvotaning 65 foizi fan va texnologiyalar, matematika, muhandislik, arxitektura, sog‘liqni saqlash, dizayn, san’at va madaniyat, turizm sohalariga yo‘naltirilgan. Tanlovda jami 4 ming 17 nafar nomzod ishtirok etgan hamda yakuniy natijalarga ko‘ra jami 411 nafar (bakalavriatga 146 nafar, magistraturaga 232 nafar va doktoranturaga 33 nafar) nomzod Jamg‘arma stipendiyasi g‘olibi deb topilgan.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Jamg‘arma stipendiati deb e’tirof etilganlarning 263 nafari erkak va 148 nafari ayollardan iborat. Ularning 174 nafari Buyuk Britaniyada, 147 nafari AQSHda, 22 nafari Italiyada, 18 nafari Avstraliyada, 12 nafari Germaniyada, 10 nafari Malayziyada va 28 nafari boshqa turli mamlakat universitetlarida tahsil oladi. 180 nafar stipendiat xalqaro reytinglardagi TOP-100 talik, 231 nafari esa TOP-300 talik universitetda ta’lim oladi.

Shu bilan birga, nomzodlarning hududlar kesimidagi tahliliga ko‘ra, 78 nafar Toshkent shahri, 43 nafar Samarqand viloyati, 33 nafar Farg‘ona viloyati, 32 nafar Buxoro viloyati, 31 nafar Jizzax viloyati, 29 nafar Qashqadaryo viloyati, 28 nafar Namangan viloyati, 25 nafar Surxondaryo viloyati, 24 nafar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 22 nafar Navoiy viloyati, 22 nafar Toshkent viloyati, 21 nafar Andijon viloyati, 16 nafar Xorazm viloyati va 7 nafar Sirdaryo viloyati kabi hududlar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

Jamg‘armaning 2024 yilda g‘olib bo‘lgan stipendiatlari rivojlangan 10 ortiq davlatning 105 ga yaqin universitetida ta’lim oladi. Ularning bugungi kun holatiga 285 nafari xorijga ta’lim olish uchun yuborildi. Mazkur stipendiatlarning 95 foizi G7 mamlakatlaridagi nufuzli universitetlarda ta’lim olishi rejalashtirilgan.

Ayni vaqtda Jamg‘armaning 730 nafar stipendiati xorijiy nufuzli universitetlarda ta’lim olmoqda. Bundan tashqari 1 ming 340 nafar stipendiat O‘zbekistonga qaytib, xorijda to‘plagan ilg‘or bilim va ko‘nikmalarini iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, ta’lim, fan, tibbiyot hamda davlat boshqaruvi yo‘nalishlarida mehnat faoliyatida qo‘llab kelmoqda. Jamg‘arma tomonidan 2024 yilda xorijiy davlatlarning nufuzli universitetlari va xalqaro ta’lim tashkilotlari bilan 150 dan ortiq uchrashuv va vebinarlar o‘tkazildi, 10 dan ortiq ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi hamda buning natijasida stipendiatlarning o‘qish xarajatlaridan 20 foizdan 55 foizga qadar chegirmalar olishga erishildi.

2025 yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi ochiq stipendiya tanlovlarida iqtisodiyotning drayver sohalariga (energetika, transport, arxitektura va qurilish, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, san’at va madaniyat, turizm hamda STEM) kvotalar ajratishga ustuvorlik beriladi hamda mazkur sohalar uchun umumiy kvotalarning 65-70 foizi ajratiladi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiya tanlovlari borasida qator yangiliklar kutilmoqda. Xususan, vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlarining kasbiy bilim, malakalarini oshirish maqsadida rivojlangan mamlakatlardagi yetakchi xorijiy universitetlar, ilmiy markazlar, turli kompaniya va tashkilotlarda stajirovka o‘tash imkoniyatlari yaratilishi kutilmoqda.

Jamg‘armaning xorijda ta’lim olayotgan va bitirgan stipendiatlar bilan doimiy muloqot maydonini yaratish maqsadida “El-yurt umidi” platformasi yaratiladi. Shu bilan birga, ta’lim dasturlarini tamomlagan stipendiatlarning O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun ustuvor hisoblangan sohalar bo‘yicha yetakchi xalqaro tashkilotlarda, xorijiy davlatlar idora va tashkilotlarida hamda yirik kompaniyalarda stajirovka o‘tashi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish ustida ishlanmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA