O‘zbekistonda yangi texnologiyalarni joriy etish va kadrlar tayyorlash masalalarida xalqaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratilayotgani barchamizga ma’lum. Xususan, kuni kecha “O‘zeltexsanoat” uyushmasi rahbariyati Xitoyning yirik “Jezetek” kompaniyasi va “Sichuan Technical” kolleji vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida kabel-sim mahsulotlari ishlab chiqarish, muqobil energetika sohasida kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Muzokaralar chog‘ida Xitoy tajribasini O‘zbekistonda joriy etish, ikki davlat mutaxassislari o‘rtasida bilim va ko‘nikma almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi. Xususan, “Eltech-malaka” o‘quv markazi faoliyati haqida xitoylik hamkorlarga batafsil ma’lumot berildi. Shundan so‘ng ushbu markaz bazasida Xitoydan kelgan mutaxassislar ishtirokida o‘quv kurslari tashkil etish hamda soha muhandis-texnologlarining Xitoydagi yirik kompaniyalarda qisqa muddatli amaliyot o‘tashini ta’minlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Uyushma axborot xizmatining xabar berishicha, tomonlar mazkur uchrashuvni O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi haqida yakdil fikr bildirgan. Ayniqsa, kadrlar tayyorlash va innovatsion ishlanmalarni joriy qilish sohasidagi tajriba almashuvi istiqbolli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Tashabbuslar amaliyotga tatbiq etilsa, nafaqat ishlab chiqarish salohiyati, balki sohadagi professional mutaxassislar bazasi ham kengayadi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA