Zilzila yer qobig‘ida to‘satdan sodir bo‘ladigan siljish va uzilishlar natijasida yuzaga keluvchi hamda katta masofalarga uzatiladigan yer osti silkinishlari va yer yuzasining tebranishidir. Umuman olganda, zilzila tabiiy ofatlarning eng xavfli turi hisoblanadi.
Xo‘sh, bino va inshootlar necha balli zilzilaga chidamli hisoblanadi? Zilzilaga bardoshli inshootlarni barpo etishda qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
Toshkent davlat transport universiteti professori Ulug‘bek Shermuhammedov bu borada quyidagilarni gapirib berdi:
– Bino va inshootlar uchun intensivligi 7 va undan ortiq balli zilzilalar xavfli hisoblanadi. Seysmikligi 9 balldan ortiq bo‘lgan hududlarda inshootlarning qurilishi iqtisodiy jihatdan juda nomaqbul hisoblanadi. Chunki zilzila vaqtida ularning butligi to‘liq saqlanib qolinishini ta’minlash uchun antiseysmik choralarni amalga oshirishda katta sarf-xarajatlar talab etiladi. Shuning uchun me’yorlarda ko‘rsatmalar seysmikligi 7-9 balli hududlar bilan chegaralanadi.
Xususan, 1923 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida magnitudasi 8,2 ballni tashkil etgan va 143 ming kishining halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan zilzilaning keltirgan seysmik zarari 3 mlrd. dollarni tashkil etgan. Zilzila va sunami natijasida Yaponiyada avtoyo‘llar 582 joyidan, ko‘priklar esa 32 joyidan shikastlanganligi aniqlandi. Yo‘llarda ko‘plab yoriqlar paydo bo‘lgan, ayrim holatlarda esa yo‘l polotnolari va ko‘priklar butunlay buzilib ketgan.
2023 yilning 6 fevralida Turkiyaning janubi-sharqida 7,8 magnitudali hamda Suriyada ham kuchli zilzilalar sodir bo‘ldi. Turkiyada «asr falokati» deb atalayotgan yer silkinishi oqibatida 100 mingdan ortiq bino va inshootlar vayron bo‘lgani aniqlangan. Shundan so‘ng yana ko‘plab zilzilalar kuzatildi. Zilzila oqibatida vafot etganlar soni Turkiyada 46 ming nafar, Suriyada esa 9 ming 112 nafardan oshgan.
Respublikamiz hududida bino va inshootlarning, transport inshootlari, jumladan, ko‘prik, yo‘l o‘tkazgich, estakada, tonnel va metropolitenlarning zilzilaga bardoshliligini ta’minlash o‘ta muhim masaladir.
Hozirgi kunda bizning ko‘priksozligimizda, andozaviy loyihalash va qurish tamoyillaridan sekin-asta voz kechilib, zamonaviy loyihalash va qurish uslublari o‘rganilmoqda hamda yangi texnika va texnologiyalar qo‘llanilmoqda. Dunyoning ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarida yaxlit (monolit) usulda barpo etiladigan uzluksiz sxemali temirbeton ko‘prik va yo‘lo‘tkazgichlar yaxshi rivojlangan. Bunday temirbeton konstruksiyalar mustahkam va uzoqqa bardoshli, shuningdek, yuqori ko‘rsatkichlarga ega ekanligi bilan ajralib turadi.
Monolit qurilishning asosiy xususiyati shundaki, uzluksiz sxemali temirbeton ko‘priklar va yo‘lo‘tkazgichlar hamda boshqa muhandislik inshootlari uchun material ishlab chiqarish uchun joy bevosita qurilish maydonchasidir. Uzluksiz temirbetondan foydalanish turli xil me’morchilik shakllarini amalga oshirishga imkon beradi, shuningdek, po‘lat sarfini 7-20 foizga, beton sarfini esa 12 foizgacha kamaytirish mumkin.
Bundan tashqari, ushbu usulning bir qator afzalliklari mavjud bo‘lib, tayanchlarni tezkor ravishda o‘rnatish va qurilish ishlarini keyingi bosqichga o‘tishini soddalashtirish imkonini beradi.
Respublikamiz hududining aksariyat qismi seysmik xavfli zonaga kiradi. Shuning uchun ko‘prik, yo‘lo‘tkazgich va estakadalarni loyihalash va qurish ishlariga yuqori talablar qo‘yilmoqda. Toshkent zilzilasidan so‘ng seysmik nuqtai nazardan xavfli hududlarning yer qa’ridagi tuzilishini o‘rganishga oid kompleks izlanishlar hamda bino va inshootlarning buzilish darajalari tahlili amalga oshirildi.
O‘tgan asrning 60 yillari boshida O‘zbekiston seysmik rayonlashtirish xaritasini tayyorlash, O‘zbekistonda 1911 yildan boshlab to‘plab kelingan seysmik kuzatishlarga oid katta hajmdagi materiallarni tizimlashtirish va tahlil qilish bo‘yicha juda katta ishlar olib borilgan edi. Qurilayotgan binolarni mustahkamlikka hisoblashda foydalaniladigan seysmik rayonlashtirish xaritalaridagi ma’lumotlar o‘ta taqribiy ko‘rinishda berilgan, shuning uchun ularning aniqligi mazkur sharoitlarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan seysmik ta’sirlarni baholash uchun yetarli darajada bo‘lmagan.
Zilzilalar akselerogrammalari bo‘yicha inshootlarni dinamik hisoblashlarni bajarish masalasi zilzilabardosh qurilishni dunyo bo‘yicha amaliyotidagi bugungi kunning eng asosiy masalasi hisoblanadi. Shuni ta’kidlash joizki, bunday hisoblashlar seysmoizolyatsiyalash va seysmoso‘ndirish tizimlarini loyihalash, ko‘p oraliqli yirik ko‘priklarni, noyob binolar va boshqa strategik muhim ob’ektlarni hisoblash, inshootlarning shikastlanuvchanligini baholashda va h.k. larda ahamiyati ulkan.
Hozirgi vaqtda hisoblash akselerogrammalarini modellashtirishda ikkita qarama-qarshi yondashuv hosil bo‘lgan: qurilish maydonchasi uchun ta’sirni modellashtirish hamda inshoot uchun ta’sirni modellashtirish. Seysmoizolyatsiya parametrlarini tanlab olish maqsadida ko‘rib chiqilayotgan seysmik himoya tizimlari samaradorligini aniqlashga imkon yaratuvchi zilzilalar akselerogrammalari bo‘yicha turli xil tizimlarni hisoblash ishlarini bajarish kerak bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi ko‘priksozlik sohasining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, shaharlarda uzluksiz temirbeton ko‘priklar va yo‘lo‘tkazgichlarni loyihalash va qurishning imkoniyati o‘ziga xos tadqiqot va ratsional yechim ishlab chiqishni talab qiladi. Hozirgi vaqtda turli sxemadagi ko‘priklarni seysmohimoyalash sohasida ko‘plab ilmiy ishlar amalga oshirilgan. Shunga qaramasdan, hanuzgacha aksariyat muammolarga yechim topilmagan va kuchli zilzilalar vaqtida turli davlatlarda ko‘plab ko‘priklar shikastlangan.
Shu bilan bir qatorda, hozirgi paytda dunyoda ko‘prik inshootlarini ko‘p bosqichli loyihalashga o‘tish tendensiyasi mavjud. Sun’iy inshootlarni loyihalashda ko‘p darajali yondashuv ularning seysmik tebranishlarining ko‘plab xarakterli xususiyatlarini, masalan, vaqtinchalik yukning mavjudligi, mas’ullik darajasi, ko‘priklarda seysmoizolyatsiya va seysmoso‘ndirish tizimlarining xususiyatlarini hisobga olish imkonini beradi.
Transport qurilishida mahalliy loyiha institutlari ko‘priklarning seysmik zilzilabardoshligi bo‘yicha hisob-kitoblarida haqiqiy zilzilalar yozuvlaridan foydalanmaydi va O‘zbekiston hududining ma’lum bir vaziyatdagi seysmikligi to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘qligi sababli chiziqli-spektral hisoblar bilan cheklanadi. Shu munosabat bilan, ko‘prik inshootlarining kafolatlangan seysmik xavfsizligini ta’minlash uchun qurilish maydonchasining xususiyatlariga dominant chastotalarda sodir bo‘lgan zilzilalar yozuvlari to‘plami bo‘yicha loyihaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish talab etiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA