Indoneziya BRIKSga to‘laqonli a’zo bo‘ldi, deb xabar tarqatdi Braziliya hukumati.
Mamlakat TIV saytida e’lon qilingan xabarda aytilishicha, Janubiy Amerika davlatining BRIKSga raisligi 2025 yil 1 yanvarda boshlanib, 31 dekabrgacha davom etadi. Ayni vakolatdan foydalanib, Braziliya hukumati 6 yanvar kuni Indoneziya Respublikasi BRIKSga rasman to‘laqonli a’zo bo‘lganini e’lon qildi.
Ushbu mamlakat nomzodi 2023 yil avgustda Yoxannesburg sammitida guruh yetakchilari o‘rtasida konsensus yo‘li bilan ma’qullangan, o‘shanda Indoneziyada prezidentlik saylovi o‘tkazilayotgan, yangi hukumat tuzilayotgan edi.
O‘tgan yil 20 dekabr kuni Braziliya tashqi ishlar vaziri Mauro Viyeyra BRIKS “Katta yigirmatalik” davlatlari formatiga yaqinlashayotganini aytgandi. Rossiya, Xitoy, Hindiston, Braziliya va Janubiy Afrika Respublikasi tomonidan asos solingan tuzilmaga o‘tgan yil Misr, Efiopiya, Eron va Birlashgan Arab Amirliklari ham qo‘shilgan.