Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik huquqi tashabbusi asosida ishlab chiqilgan — qonun loyihalarini Qonunchilik palatasining muhokamasiga kiritish va ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, qabul qilinayotgan qonunlarning har jihatdan mukammal bo‘lishi aholi farovonligini oshirishga, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, qonun ijodkorligi faoliyatining sifati yangi qabul qilingan qonunlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, milliy qonunchilikka, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga muvofiqligini ta’minlovchi tartib va mexanizmlarning samaradorligiga ko‘p jihatdan bog‘liq.
Bundan tashqari, qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilishda samarali qarorlar qabul qilishning eng muhim sharti jamoatchilik muhokamalari natijalari bo‘yicha namoyon etilgan fuqarolarning fikrlari va pozitsiyalarini o‘rganish hamda inobatga olishdir.
Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bir qator qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, qonun loyihalarini parlamentga kiritishda qonun loyihasining va xalqaro shartnoma matnining huquqiy ekspertizalari natijalari hamda qonun loyihasining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi va jamoatchilik muhokamasi natijalarini taqdim etish, shuningdek, qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektiga qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qilinguniga qadar uni chaqirib olish yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taklif kiritish huquqini berish, qonunlardagi huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish va havolaki normalarni amalga oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilash nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlarining qonun ijodkorligi sohasidagi faoliyati sifatini hamda qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini yanada oshirishga xizmat kiladi.
Savol-javob hamda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA