Sport musobaqasi g‘oliblari OTMga imtiyozli qabul qilinadi

Sport musobaqalarining respublika bosqichida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritganlarga oliy ta’lim muassasalariga test sinovlarisiz va kasbiy imtihonlarsiz o‘qishga kirish huquqi beriladi. Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Iqtidorli sportchilarni taqdirlash va rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasida keltirib o‘tilgan.
Hujjatga muvofiq, endilikda xalqaro va respublika sport musobaqalari g‘olib va sovrindorlari quyidagicha taqdirlanadi:
Respublika va xalqaro sport musobaqalarning individual turlarida g‘olib va sovrindorlikni qo‘lga kiritgan imtiyozga ega sportchilar oliy ta’lim muassasasiga qo‘shimcha davlat granti asosida test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qilinadi.
Respublika va xalqaro musobaqalarning jamoa turlarida g‘olib va sovrindorlikni qo‘lga kiritgan jamoalarning (o‘z jamoalari tarkibidan – akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari bitiruvchilaridan uch nafar nomzodni belgilaydilar) imtiyozga ega sportchilari oliy ta’lim muassasasiga qo‘shimcha davlat granti asosida test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qilinadi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligining tavsiyasiga asosan, respublika va xalqaro musobaqalarning jamoa turlarida g‘olib va sovrindorlikni qo‘lga kiritgan jamoalarning qolgan vakillari, ularning sportdagi natijalarini inobatga olgan holda, oliy ta’lim muassasasiga qo‘shimcha davlat granti asosida test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qilinishi mumkin.

 

O‘zA