13 mart voqealari qisqa satrlarda

Venesuela. Mamlakatda 7 martdan buyon davom etib kelayotgan elektr energiyasi uzilishiga barham berildi. Elektr energiyasi ta’minoti deyarli 100 foiz tiklandi.
Mozambik. Mamlakating markaziy va janubiy hududlarida bir necha kundan buyon yuz berayotgan kuchli yog‘ingarchilik oqibatidagi suv toshqinlarida halok bo‘lganlar soni 60 nafardan ortdi.
Suriya. Rossiya harbiy havo kuchlari tomonidan Idlib viloyatidagi terror guruhi qurol-aslahalari saqlanadigan omborxonasiga havo hujumi amalga oshirildi. Guruhning ko‘p sonli hujum vositalari yo‘q qilindi.
Rossiya. Qrim viloyatining Rossiya tarkibiga kirganligining besh yilligi munosabati bilan Fransiya rasmiylaridan iborat delegatsiya Qrimga tashrif buyurdi.
AQSh. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning Vashingtonda o‘tkazgan muzokaralarida Koreya yarim orolini denuklearizatsiya qilish, Yaman aholisiga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish, Venesueladagi inqirozni bartaraf etishga ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi.

 

Zuhra Mirzaboeva, O‘zA