Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolik jamiyati institutlariga alohida bob ajratilgan. Jumladan, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari fuqarolik jamiyatining asoslarini tashkil etishi belgilab qo‘yilgan.
Keyingi yillarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy kafolatlarini ta’minlaydigan, zamonaviy demokratik talablarga va xalqaro standartlarga javob beradigan normativ-huquqiy baza yanada takomillashtirildi.
Natijada 20 dan ziyod qonun, Prezident hujjatlari va hukumat qarorlari qabul qilindi.
Bu Fuqarolik jamiyati haftaligi ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda qayd etildi.
Toshkent shahrida o‘tkazilgan tadbir «Yuksalish» umummilliy harakati, Adliya vazirligi, Oliy Majlis palatalari va boshqa bir qator hamkorlar bilan birgalikda tashkil etildi.
Istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqish, shuningdek, shaffoflik va inklyuzivlikni oshirish bo‘yicha muloqot va keyingi qadamlarni belgilab olish uchun ochiq platforma bo‘lib xizmat qilgan anjumanda adliya vaziri Akbar Toshqulov so‘zga chiqdi.
– O‘zbekistonda davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi A.Toshqulov. – Yaratilayotgan qulay sharoitlar natijasida fuqarolar huquqini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va boshqa sohalarda qariyb 10 mingta nodavlat notijorat tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda, ularda 70 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan.
Shu bilan birga, mamlakatimizda kuzatilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishning jadal sur’atlari, o‘z navbatida, NNT hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining rolini yanada oshirish, ularning faoliyatini rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish zarurligini taqozo etmoqda.
«Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni aynan shu sababli ham muhim va ayni vaqtda imzolangan hujjat hisoblanadi.
Tadbirda kelgusida fuqarolik jamiyati instituti vakillari bilan hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash yo‘nalishlari sanab o‘tildi. Jumladan, davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish zarur.
Aholining huquqiy ong va madaniyatini yuksaltirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish, fuqarolik jamiyati rivojlanishi masalalari bo‘yicha amaliy va fundamental tadqiqotlar qamrovini kengaytirish maqsadga muvofiq. Soha vakillarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlari qamrovini kengaytirishga alohida e’tibor qaratish kerak.
N.Abduraimova,
O‘zA