Yaponiyaning eng yirik temiryo‘l kompaniyasi bo‘lmish JR East juma kuni vodorod dvigatelida harakatlanadigan “Xibari” poyezdini namoyish qildi. Poyezd Tokioning janubida Kavasaki shahridagi tajriba bazasida jurnalistlarga ko‘rsatildi, deb xabar bermoqda Kyodo axborot agentligi.
Poyezdni sinovdan o‘tkazish ishlari mart oyining o‘rtalarida mamlakat poytaxtidagi trassalarning birida boshlanadi. Dvigatel bakdagi vodorod qo‘shilmasining atmosferadagi kislorod bilan kimyoviy reaksiyaga kirishishi hisobiga elektr quvvatini ishlab chiqaradi. O‘z navbatida, ishlab chiqilgan elektr quvvati katta hajmdagi batareyalarga to‘planadi. Atmosferaga faqat atrof-muhitga ziyoni tegmaydigan zararsiz suv bug‘i tarqaladi.
Bunday turdagi poyezdlar vodorod yoqilg‘isi quyilgandan keyin 140 kilometrgacha yura oladi. Ularni qishloq joylarda hali ham dizelda yuradigan poyezdlar o‘rniga qo‘llash mo‘ljallanmoqda. JR East kompaniyasi poyezdlari har yili atmosferaga taxminan 2,5 million tonna is gazini chiqaradi. Yangi texnologiyalarni, jumladan, ekologik toza vodorod dvigatellarini joriy qilish evaziga 2030 yilga borib havoga chiqayotgan iz gazini ikki barobarga kamaytirish rejalashtirilmoqda. 2050 yilga kelib esa, JR East is gazini havoga chiqarishni butunlay to‘xtatishni mo‘ljallamoqda. Bu Yaponiya hukumatining asrimiz o‘rtalariga borib sanoat korxonalari va avtomobillarning is gazini havoga chiqarilishiga butunlay barham berish rejasiga mos kelishi ta’kidlanmoqda.