Tibbiy turizm fuqarolarning xorijda davolanishini maqsadli tashkil etish, yashash mamlakatidan tashqarida zarur tibbiy xizmatlarni olish imkoniyati va usullarini yaratish, bir vaqtning o‘zida turistik va qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlaydigan turizm yo‘nalishidir.

Undan ko‘zlangan maqsad mamlakatda sog‘liqni saqlash sohasini keng rivojlantirish, ixtisoslashtirilgan xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasida oshirish, sohaga zamonaviy texnologiya va uskunalarni joriy etish, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish turizm paketlarini ishlab chiqish, tibbiyot sohasini, turdosh tarmoqlarni (turizm, logistika, madaniyat, umumiy ovqatlanish) rivojlantirishdan iborat.

O‘zining betakror tabiati va iqlimi tufayli mamlakatimiz azaldan Markaziy Osiyodagi asosiy dam olish maskanlaridan biri bo‘lgan. Soha vakillarining ta’kidlashicha, O‘zbekistonga sayyohlar nafaqat ko‘hna me’moriy yodgorliklarni va betakror tabiat va madaniyatni tomosha qilishga, balki sog‘lig‘ini tiklash uchun ham tashrif buyurishi mumkin. Sayyohlar uchun tibbiy xizmatlar arzon narxda taklif etiladi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning yanvar-noyabr oylarida jami 98,8 ming nafar chet el fuqarosi davolanish maqsadida O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 43,1 ming nafarga yoki 77,3 foizga oshgan.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, kelgusida tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmi imkoniyatlaridan to‘liq hamda samarali foydalanish, tibbiy turizm klasterlari va mehmonxona tipidagi zamonaviy sanatoriylar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ushbu faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish maqsad qilingan.

Bunda “Konsalting — diagnostika — davolash — turoperator — transport — tibbiy tarjimon” xizmatlarini birgalikda ko‘rsatadigan tibbiy turizm klasterlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va ularni rag‘batlantirish mexanizmlari joriy qilinadi. “Avitsenna” nomi ostida O‘zbekiston Respublikasining tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmi brendi ishlab chiqiladi. Toifali (yulduzli) mehmonxonalar tipidagi sanatoriylar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va ularni sertifikatlashtirish tizimi joriy qilinadi. Tog‘li, shifobaxsh balchiq qatlamlari bor hamda shifobaxsh suvlar qatoriga kiritilgan va sanitariya-sog‘lomlashtirish ahamiyatiga molik suv ob’ektlari mavjud bo‘lgan hududlarda sanatoriy-kurort zonalari tashkil qilinadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA