Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kambag‘allikni qisqartirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar ustidan samarali parlament nazoratini tashkil etish bo‘yicha ishchi guruhi tomonidan Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi bilan hamkorlikda Bolalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijadorligi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining “Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasining Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etilgan edi. Bugungi kunda mazkur fond tomonidan ehtiyojmand oilalarning farzandlari, imkoniyati cheklangan bolalar bepul dori vositalari, tibbiy va protez-ortopedik buyumlar bilan ta’minlanmoqda.
Xususan, o‘tgan davr mobaynida Jamoat fondi tomonidan 7 ming 639 nafar bolaga chuqurlashtirilgan tibbiy-diagnostika tekshiruvlari o‘tkazildi. 1070 nafar bolada tibbiy aksiyalar davomida operatsiya amaliyotlari bajarildi. Bundan tashqari, 90 nafar bola xorij klinikalarida operatsiya qilinib, sog‘lomlashtirildi. 1 ming 305 nafar bolaning ta’lim olishi uchun zarur adabiyotlar, texnik asbob-uskunalar, o‘quv qurollari xarid qilindi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda “Mohir qo‘llar” loyihasi doirasida 33 nafar 16-18 yoshli nogironligi bo‘lgan bolalar “Mono-markaz”larda o‘qitilib, kasb-hunarga o‘rgatildi.
Shu bilan birga, 110 nafar og‘ir tashxisli bemor bolalar (ilik ko‘chirish, a’zolar transplantatsiyasi, o‘zak hujayralar bilan davolash, og‘ir darajadagi skoliozlar, og‘ir darajadagi kuyish asoratlari, ko‘z kasalliklari va hokazo) davolanish uchun nufuzli chet el klinikalariga yuborildi.
Deputatlar muhokamalar davomida ehtiyojmand oilalarning bolalarini rag‘batlantirish, kam uchraydigan (orfan) kasalliklarga o‘z vaqtida tashxis qo‘yish ishlarini yanada jadallashtirish, nogironligi bo‘lgan bolalarga qiziqishlaridan kelib chiqib, kasb-hunar o‘rgatish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi.
M.Komilova, O‘zA