Turizm qo‘mitasi delegatsiyasi Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tgan “Global Travel” forumida g‘oliblarni taqdirlash marosimida ishtirok etdi.
Tadbir davomida “Trip.com Group Limited” xalqaro onlayn sayyohlik platformasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Eng yaxshi hamkor” va “Eng yaxshi turizm destinatsiyasi” nominatsiyalarida g‘olib deb topildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “Trip.com Group Limited” Xitoyning eng yirik sayyohlik kompaniyasi bo‘lib, uning onlayn platformalari joylashtirish vositalari va sayohatlarni band qilish, transport chiptalarini sotib olish, jamoaviy sayohatlarni tashkil qilish xizmatlarini taqdim etadi.
Mazkur kompaniya dunyoning 220 mamlakati bo‘ylab 1,7 milliondan ortiq joylashtirish vositasi va mintaqalardagi 3 ming 400 aeroport o‘rtasida parvozlarni amalga oshiradigan 600 dan ortiq aviakompaniyaning reyslarini o‘z ichiga olgan. Dunyodagi onlayn sayyohlik agentliklarining “Katta to‘rtligi” qatoriga kiradi. Qarorgohi Xitoyning Shanxay shahrida joylashgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA