Senatga Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotning O‘zbekistondagi missiyasi rahbari Endryu Grey tashrif buyurdi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan muloqot chog‘ida O‘zbekistonning Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot bilan olib borayotgan faol hamkorligi e’tirof etildi. Tashkilotning xavfsiz, tartibli va muntazam migratsiyani targ‘ib qilish bo‘yicha faoliyati O‘zbekistonning milliy ustuvor yo‘nalishlariga to‘liq mos kelishi qayd etildi.

Keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonda migratsiya sohasidagi ishlarga davlat siyosati darajasida alohida e’tibor qaratilayotgani, bu borada 2019 yilda Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotning to‘liq a’zosi sifatida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani e’tirof etildi.

Mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish va yangi mexanizmlarni amaliyotga joriy etish maqsadida 16 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.

Yangi ishga joylashish mexanizmlari joriy etilgani, ta’lim dasturlari, imtiyozli kreditlash va Vatanga qaytgan migrantlarni qo‘llab-quvvatlash tizimlari tashkil etilgani aytib o‘tildi.

O‘zbekiston mehnat migratsiyasi bozorlarini diversifikatsiya qilish, an’anaviy yo‘nalishlarga bog‘liqlikni kamaytirish va migrantlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlashni kuchaytirish borasida fikr almashildi.

Uchrashuv davomida tomonlar migratsiya boshqaruvini takomillashtirish, xavfsiz va tartibga solinadigan migratsiya jarayonlarini ta’minlash, migrantlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan amaliy choralarni ko‘rish yuzasidan yanada faol ish olib borishdan manfaatdorligini bildirdi.

N.Abduraimova, O‘zA