O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (22-sonli BHMS) “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi” Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deb xabar berdi vazirlikning «Huquqiy axborot» Telegram kanili.
Qayd etilishicha, mazkur BHMS byudjet, banklar va nobank kredit tashkilotlaridan tashqari mulkchilik shaklidan qat’iy nazar O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslarning chet el valyutasidagi operatsiyalarini va chet eldagi bo‘linmalarning ma’lumotlarini buxgalteriya hisobida aks ettirish hamda ularni moliyaviy hisobotda yoritib berish tartibini belgilaydi.
Quyidagi operatsiyalar chet el valyutasidagi operatsiyalar hisoblanadi:
— tovarlar, ishlar va xizmatlarni chet el valyutasida xarid yoki realizatsiya qilish;
— to‘lanadigan yoki olinadigan summalari chet el valyutasidagi pul mablag‘larini qarzga olish yoki qarzga berish;
— chet el valyutasida aktivlarni xarid yoki realizatsiya qilish yoxud chet el valyutasida majburiyatlarni qabul qilish yoki so‘ndirish.
Chet el valyutasidagi operatsiyani tan olishda uni amalga oshirish sanasidagi chet el valyutasining so‘mga nisbatan Markaziy bankning kursi bo‘yicha tan olinadi.
O‘zA