Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tashabbusi bilan “Parlament – yoshlar nigohida” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati hamda parlament vakolatlarining muhim jihatlari, xususan, Prezidentimizning Senat birinchi yalpi majlisidagi nutqida qo‘yilgan vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.
Bu borada Senat tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Qonunlar muhokamasi va parlament nazorati, ayniqsa, byudjet masalalari muhokamasida mahalliy kengashlar deputatlarining faol ishtiroki ta’minlanmoqda. Ularga uslubiy ko‘mak berish yo‘lida izchil ishlar amalga oshirilayotir.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar sud-huquq sohasidagi islohotlar va jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlar tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etishga Huquqni muhofaza qilish akademiyasi o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotganini ta’kidladi.
Adolatli huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish masalasi ustuvor maqsadlardan biri ekani qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga senatorlardan batafsil javoblar oldi.
N.Abduraimova, O‘zA