Poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida “Barkamol avlod bolalari” festivalining hisobot konserti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirga mamlakatimizda eng samarali faoliyat ko‘rsatayotgan “Barkamol avlod” bolalar maktablarining badiiy jamoalari taklif etildi.

Tadbir avvalida bolalar ijodiyoti, “Barkamol avlod” bolalar markazlaridagi to‘garaklar faoliyati haqida to‘laqonli ma’lumot beruvchi ko‘rgazma tashkil etildi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova mamlakatmizda navqiron avlodning ta’limdan tashqari bo‘sh vaqtini to‘g‘ri va unumli, mazmunli tashkil etish, o‘g‘il-qizlarni fan, sport, badiiy ijodiyot to‘garaklariga kengroq jalb etish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Aytish kerakki, mamlakatimizdagi “Barkamol avlod” bolalar maktablari o‘quv yili davomida juda samarali faoliyat ko‘rsatdi. Undagi to‘garaklar kasb-hunarga, san’at, badiiy ijodiyot, zamonaviy axborot texnologiyalariga oid bilim va ko‘nikmalarini tobora mustahkamlash va boyitishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Mazkur hisobot konsert dasturi “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyati samaradorligini oshirish, o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida maktabdan tashqari ta’lim tizimida olib borilayotgan ishlar sarhisobini o‘z ichiga olgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Konsert dasturida bolalar badiiy jamoalari tomonidan yoshlarga ko‘rsatilayotgan mehr va e’tibor, jonajon Vatanimiz, tinch va osuda, erkin hayotimizni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

N.Usmonova, O‘zA