Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida “Ayqulash” Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli tashkil etilganining 65 yilligi keng nishonlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Murat Kamalov jamoa va faxriylarni ansamblning 65 yillik yubileyi bilan tabrikladi. Ta’kidlanganidek, yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishga, ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xalqimizning betakror madaniyati va san’atini rivojlantirishda, uni dunyoga tanitishda «Ayqulash» Qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli alohida o‘rin egallaydi. Ushbu ansambl jamoasi milliy qo‘shiqchilik, sozandalik va raqs san’ati bo‘yicha mamlakat va xalqaro miqyosda katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.

Ijodiy jamoa ko‘p asrlik boy madaniyatimiz bilan san’atimizni faqatgina targ‘ib etib qolmasdan, xalqimizning ma’naviy dunyosini yanada boyitish, yosh avlodni milliy qadriyatlarimiz va an’analarimizga hurmat, ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotganini alohida ta’kidlash joiz. Davlat tadbirlarining konsert dasturlari, respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan umumxalq bayramlari, festivallar va boshqa madaniy tadbirlarda «Ayqulash» ansambli ham faol ishtirok etib kelmoqda.

Ansambl jamoasining Rossiya, Ozarbayjon, Moldova, Ukraina, Belarus, Gruziya, Armaniston, Janubiy Koreya, Xitoy singari bir qator davlatlarda gastrol safarlarida va folklor festivallarida ishtirok etib, xalqaro madaniy va do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shishi – bu qoraqalpoq milliy madaniyati va san’atiga bo‘lgan hurmat, sadoqat va fidoyilik namunasidir.

Ansamblning 65 yilligi munosabati bilan Nukus shahridagi opera va baxshichilik san’ati maktabida “Qoraqalpog‘istonda xoreografiya san’atining rivojlanish tarixi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda qayd etilganidek, joriy yilning o‘zida jamoa Rossiya Federatsiyasi Boshqirdiston Respublikasida bo‘lib o‘tgan VI jahon folklori festivalida, Turkiyada bo‘lib o‘tgan madaniyat haftaligida, Hindistonda bo‘lib o‘tgan xalqaro xoreografiya festivalida muvaffaqiyatli ishtirok etib, qoraqalpoq milliy xoreografiyasining sara namunalarini jahon xalqlariga namoyish etdi. Joriy yilning 12 noyabr kuni Vengriyada o‘tkazilgan xalqaro kongressda ansambl folklor festivallari va xalq amaliy san’ati tashkiloti xalqaro Kengashiga a’zolikka qabul qilindi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarori bilan ansambl jamoasining bir guruh a’zolari va nuroniylari Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat mukofotlari hamda ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi. Tantanali tadbir ansambl jamoasi va san’at ustalarining konsert dasturi bilan yakunlandi.

 

Dovud Abibullayev,  

Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA