O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan SHHTning Toshkent shahrida joylashgan Terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha mintaqaviy tuzilmasi ijroiya qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasining 2021-2020 yillar ichidagi tashkilotga raisligida amalga oshiriladigan ishlarning ustuvor yo‘nalishlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda SHHTga a’zo davlatlar milliy koordinatorlari, OAV xodimlari va ekspertlar ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbe sammitida qilgan ma’ruzasining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, mazkur dasturiy ma’ruzadan kelib chiqib belgilangan ustuvor vazifalar va mamlakatning Tashkilotdagi raisligida amalga oshiriladigan tadbirlari ro‘yxati bilan tanishtirildi.

Ma’lumki, Shanxay hamkorlik tashkilotining Dushanbeda bo‘lib o‘tgan sammitida ushbu nufuzli tashkilotga raislik qilish 2021-2022 yillar mobaynida O‘zbekistonga o‘tishi haqida qaror qabul qilingan edi.

Sammitda Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz SHHTga raislik qilishining bir qancha ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.­

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan O‘zbekistonning SHHTga raisligi davrida amalga oshiriladigan 80 dan ortiq tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Davlat rahbarlari Kengashining majlisi, Tashqi ishlar vazirlari Kengashi, xavfsizlik Kengashi kotiblarining uchrashuvlari, Ixtisoslashgan vazirliklar va idoralar rahbarlarining maslahatlashuvlari, Iqtisodiy forum, hududlar rahbarlari forumlari va boshqa bir qancha tadbirlar shular jumlasidandir.

Uchrashuvda alohida ta’kidlandiki, O‘zbekiston SHHT Xartiyasi tamoyillaridan kelib chiqqan holda tashkilotga raislik qiladi va birinchi navbatda a’zo-davlatlar xalqlarining hayot kechirish sifatini oshirish, farovonligini yuksaltirish hamda taraqqiyotning izchil dinamikasini ta’minlash maqsadida tenglik, yaqin qo‘shnichilik, manfaatlarni o‘zaro hurmat qilishga asoslangan “Shanxay ruhi” tamoyillarini mustahkamlashga qaratadi.

– O‘zbekiston bir yil davomida Yevroosiyo mintaqasida eng ta’sirchan bo‘lgan xalqaro tashkilotlarning biri ­– Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qiladi, bu biz uchun juda katta mas’uliyat, – dedi O‘zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkiloti ishlari bo‘yicha milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov. – O‘zbekistonning xalqaro maydonda tobora ortib borayotgan obro‘si ushbu a’zo-davlatlar bilan so‘nggi besh yil ichida kengayib borayotgan ishonchli hamkorligi natijasidir. Bularning barchasi O‘zbekistonning tashkilotda muvaffaqiyatli raislik qilishi uchun mustahkam zamin bo‘ladi.

Bugun ilk bor O‘zbekistonning SHHTga raisligidagi birinchi tadbiri boshlandi. Eng avvalo shuni ta’kidlashim mumkinki, tadbirda ishtirok etayotgan barcha delegatsiya rahbarlari, elchilar, milliy koordinatorlar O‘zbekiston rahbariyatini, xalqimizni bo‘lib o‘tgan katta siyosiy jarayon – Prezident saylovi natijalari bilan qutlashdi. Shuningdek, tashkilotga a’zo barcha davlatlar O‘zbekiston raisligida Prezident tomonidan ilgari surilgan ustuvor yo‘nalishlar hamda vazifalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirishdi.

SHHT milliy koordinatorlarining ilk yig‘ilishi Qoraqalpog‘iston hududida bo‘lib o‘tadi. Bundan maqsad delegatsiya a’zolarini oxirgi besh yilda O‘zbekistonning olis hududlarida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va o‘zgarishlar natijalari bilan tanishtirishdir. O‘ylaymanki, mana shunday yondashuv, diplomatika, siyosiy va madaniy nuqtai-nazardan O‘zbekistonning tashkilotga rahbarlik qilishdagi muvaffaqiyatini ta’minlaydi, – dedi R. Nurimbetov.

 

Saidmurod RAHIMOV,

O‘zA muxbiri