Bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimida boshqarishning innovatsion modelini joriy etish, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatiga olishning normativ-huquqiy va tashkiliy asoslarini shakllantirishni davrning o‘zi taqozo qilmoqda.

Shu bilan birga, qonunchilik va malaka talablariga mos kelmaydigan shaxslarning tibbiy hamda farmatsevtik faoliyat bilan shug‘ullanishining oldini olish, ushbu sohada xizmat ko‘rsatishda xatoliklarni va uning oqibatida kelib chiqadigan salbiy oqibatlarni kamaytirish zarurati ham mavjud.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining bugungi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan qonun loyihasiga ko‘ra, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatiga olishning normativ-huquqiy va tashkiliy asoslarini shakllantirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, loyihada aholining yuqori sifatli tibbiy xizmat olish huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilgan me’yorlar taklif etilmoqda.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasining konsepsiyasini muhokama qilar ekan, unda ko‘zda tutilayotgan masalalar, avvalo, aholi, saylovchilar manfaatlariga xizmat qilishi kerakligiga e’tibor qaratdi. Joylarda ayrim mutaxassis shifokorlar yetishmayotgan bir paytda ularga ma’lum bir sinovdan o‘tish talabi qo‘yilishi qanchalik to‘g‘ri bo‘lishiga oid savollar o‘rtaga tashlandi. Mas’ullar esa inson salomatligi bilan bog‘liq soha egalari puxta bilimga ega bo‘lishi zarurligini qayd etdi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda yana bir qator qonun loyihalari muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA