So‘nggi kunlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda dunyoning qator mamlakatlari bo‘ylab metapnevmovirus infeksiyasi avj olayotgani hamda ushbu xastalik COVID-19dan ham xavfliroq ekanligi haqida xabarlar tarqalmoqda.

Xo‘sh, bu axborotlar qanchalik asosli? Umuman, metapnevmovirus o‘zi qanday infeksiya? U qaysi belgilar bilan namoyon bo‘ladi? Muolaja jarayoni qanday kechadi?

SSV Matbuot xizmatining ushbu savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustam Ikramov javob berdi:

– Metapnevmovirus avvaldan ma’lum infeksiya bo‘lib, birinchi marta 2001 yilda aniqlangan, – deydi mutaxassis. – Kasallik asosan havo-tomchi yo‘li orqali yoki ba’zi holatlarda ifloslangan yuzalar bilan aloqa natijasida yuqadi hamda tarqaladi.

Mazkur virus bilan xastalanish holatlari dunyoning barcha mintaqalarida har yili qayd etiladi.

Xususan, qo‘shni Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tarqatgan xabarlarda ham ayni paytda o‘tkir respirator virusli infeksiyalar va gripp bilan kasallanishning mavsumiy o‘sishi kuzatilayotgani, shu jumladan, 10 yillardan buyon mamlakatda metapnevmovirus ham qayd etilayotgani ta’kidlangan.

Metapnevmovirusning kuz-qish davrida yanada faollashuvi kuzatiladi. Bu infeksiya odatda burun oqishi, yo‘tal va isitma belgilari bilan, xuddi o‘tkir respirator virusli infeksiyalar shaklida paydo bo‘ladi, ba’zi hollarda bronxiolit va pnevmoniyani keltirib chiqaradi.

Kasallikni davolash odatda simptomatik bo‘lib, asosan uy sharoitida bemorning ahvolini yengillashtirishga qaratilgan muolajalar qo‘llaniladi. Og‘ir holatlarda kislorodli terapiya yoki kasalxonaga yotqizish talab qilinishi mumkin.

Metapnevmovirus bilan kasallangan odamlarning aksariyati asoratsiz tuzalib ketadi.

O‘zbekistonda ham ayni vaqtda o‘tkir respirator infeksiyalarning mavsumiy ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Yurtimizda ularning laboratoriya tekshiruvlari muntazam amalga oshirib kelinyapti va ana shunday tekshiruvlarning 39,9 foizida gripp virusi, 32,2 foizida rinovirus, 30,6 foizida respirator-sinsitial virus va 1,2 foizida metapnevmovirus aniqlangan.

O‘tkir respirator kasalliklarning bunday ko‘tarilishi davrida aholini profilaktika choralariga rioya qilishga va odamlar gavjum joylarda, ayniqsa, kasallik belgilari yaqqol namoyon bo‘lib turgan fuqarolar bilan muloqotni cheklashga chaqiramiz, –deydi  Rustam Ikramov.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ham ushbu kasallik yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Unda kasallikdan himoyalanish uchun profilaktika va gigiyena qoidalariga rioya qilish, odamlar gavjum joylarga bormaslik, ayniqsa, yosh bolalarni olib yurishni cheklash, kasallik belgilari paydo bo‘lgan oila a’zolarini alohida saqlab, shifokor ko‘rsatmasiga asosan davolanish tavsiya etiladi.

Shuningdek, Ijtimoiy tarmoqlarda Respublika pediatriya markazi bemor bolalar bilan to‘lgani, ularning bir qismi yangi virusga chalingani aytilgan xabarlar ham tarqalmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardagi bolalarning metapnevmovirusga chalingani xususidagi ma’lumotlar mutlaqo asossiz.

Gap shundaki, Yangi yil arafasida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining jami beshta – Chaqaloqlarni parvarish qilish, Chaqaloqlar patologiyasi va reanimatsiyasi, Gepatologiya, Nefrologiya hamda Umumiy pediatriya bo‘limlarida profilaktik yuvish-tozalash va zararsizlantirish ishlari amalga oshirilgan.

Mazkur bo‘limlarning barchasi bugun, 6 yanvar kunidan qayta ochildi va bu holat tabiiy ravishda bemorlar oqimi nisbatan ortishiga sabab bo‘lgan.

Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA