Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilning 10 yanvariga qadar “Davlatauditi.uz” axborot portalida fuqarolar ishtirokidagi audit tizimi doirasida nazorat ob’ektlarini tanlash jarayoni o‘tkazilmoqda.
Bugungi kunda davlat moliyaviy resurslarini samarali boshqarish va byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida moliyaviy nazorat va audit tizimi takomillashtirilmoqda. Shu sababli, vazirlik va idoralar ichki audit tuzilmalari faoliyatining ochiqligini ta’minlash uchun fuqarolar ishtirokidagi audit tizimi joriy etildi.
Mazkur tizim Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 10 iyundagi “Fuqarolar ishtirokidagi audit o‘tkaziladigan ob’ektni aniqlash va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyati samaradorligini jamoatchilik tomonidan baholab borish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan.
Qaror fuqarolarning audit jarayonlarida ishtirokini ta’minlash, nazorat tadbirlarini shaffof va samarali o‘tkazishga qaratilgan.
Fuqarolar 10 yanvarga qadar “Davlat auditi” dasturida vazirlik va idoralar tomonidan kiritilgan tashkilotlar ro‘yxatidan nazorat tadbiri o‘tkazish zarur, deb hisoblangan ob’ektlarni tanlash imkoniyatiga ega.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA