So‘nggi yillarda an’anaviy tamaki mahsulotlariga muqobil sanalgan tamakini qizdirish mahsulotlari, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarining, shu jumladan, elektron sigaretalarning respublikaga kirib kelishi, aylanmasi va ulardan foydalanish holatlari tobora ortib bormoqda. Masalan, 2021-2023 yillarda mamlakatimizga 5,4 million dona elektron sigaretalar xorijdan import qilingan bo‘lib, bu 2018-2020 yillarga nisbatan 80 baravarga oshgan.
Elektron sigaretalardan foydalanuvchi yoshlar salmog‘i katta yoshdagilarga nisbatan deyarli besh barobar ko‘p. Eng achinarlisi, maktab o‘quvchilari orasida ham ushbu mahsulotlarga qiziqish tez suratlarda ortmoqda.
Endilikda elektron sigaretalarning muomalasini taqiqlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ba’zi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarining, shu jumladan, elektron sigaretalarning muomalasini taqiqlash hamda javobgarlik belgilashga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritishga oid qonun loyihasi parlament quyi palatasidagi partiyalar fraksiyalari yig‘ilishlarida qizg‘in muhokama qilindi.
Jumladan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida mazkur qonun loyihasi keng muhokama qilinib, loyihada ko‘zda tutilayotgan normalar kelajak avlodni, millat genofondini, atrof-muhitni yangi tamaki va nikotin mahsulotlaridan himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti direktori A.Inoyatov qonun loyihasi haqida ma’lumot berar ekan, loyihada birinchidan, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari, shu jumladan elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarining O‘zbekistonda muomalasini taqiqlash nazarda tutilayotganini ta’kidladi.
Ikkinchidan, aylanmasi tartibga solingan tamakini qizdirish tizimlarini hamda muomalasi taqiqlangan nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarni, shuningdek chekilmaydigan tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik uchun javobgarlik belgilanayotganini qayd etdi.
Umuman, mazkur qonun loyihasi bilan nikotin va tamaki mahsulotlarining “zamonaviy” va “innovatsion” turlarini ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek, mamlakat hududiga olib kirish taqiqlanyapti.
Muhokamalarda mazkur loyiha partiya dasturiy vazifalariga hamohang va mushtarak ekani alohida e’tirof etildi. Faraksiya a’zolari dunyoning o‘ttizdan ortiq davlatida elektron sigaretalar taqiqlanganini qayd etib, mazkur qonun loyihasini birinchi o‘qishda bir ovozdan ma’qulladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA