Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash eng dolzarb masalalardan biriga aylanib bormoqda. Chunki butun dunyoda kuzatilayotgan global iqlim o‘zgarishi, ekologik muammolar sharoitida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish qiyin kechmoqda. Masalan, 2023 yilgi qish mavsumidagi anomal sovuq harorat ta’sirida respublikamizdagi 9,1 ming gektar bog‘, 4 ming gektar uzumzorni sovuq urishi oqibatida 207 ming tonna hosil nobud bo‘lgan.
Endilikda qishloq xo‘jaligi sohasida tavakkalchiliklarni sug‘urta qilishning huquqiy asosi mustahkamlanmoqda. Gap shundaki, “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda qishloq xo‘jaligida tavakkalchiliklarni sug‘urta qilish siyosatini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini amalga oshirish tartibi va tamoyillari belgilanmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan qonun loyihasida qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslari, qishloq xo‘jaligi sohasida tavakkalchiliklarni sug‘urtalash jarayonida ishtirok etuvchi sub’ektlarining huquq va majburiyatlari o‘z aksini topmoqda.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchilarni turli xil tabiiy ofatlar va boshqa xatarlardan ko‘riladigan zararlardan sug‘urtalash orqali himoyalash, qishloq xo‘jaligi sohasida tavakkalchiliklarni sug‘urtalashda sug‘urta munosabatlarini tartibga solish va nazorat qilishning yagona tizimini yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasining qabul qilinishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning faoliyatida qulay sharoit yaratishini qayd etdi. Shuningdek, partiya saylovoldi dasturida belgilangan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiruvchilarni iqlim o‘zgarishi oqibatlari ta’siridan himoya qilish hamda fors-major holatlarda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligi ta’kidlab o‘tildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA