Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqarma boshlig‘i Saodat Ibragimova iste’molchilarni energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Uning ta’kidlashicha, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida bir qator tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, ayni paytda jamiyatda markaziy hamda hududlarda viloyat, shahar va tuman shtablari tashkil etilgan bo‘lib, soha 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilgan va ularning tunu kun ish faoliyati nazoratga olingan. Hududlarda 6 ming 470 nafardan ortiq xodimdan iborat 1 400 ta  brigada tunu kun faoliyat yuritmoqda va ularga 1 ming 334 ta maxsus avto va texnika biriktirilgan.

Shuningdek, bugungi kunda 30 ming kilometrga yaqin tarmoq va 10 ming 200 ta transformator mukammal ta’mirlangan. 35-110 kilovolt kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ining quvvatini oshirish maqsadida Xitoydan 69 dona kuch transformator olib kelindi va o‘rnatildi. Bu kabi ishlar samarasida hududlardagi 200 ta podstansiyaning mavjud 272 ta transformatorida quvvat oshirildi va 2 662 megavolt-amper quvvat yaratilishiga erishildi.

–Favqulodda avariya holatlarini tezkor bartaraf etish maqsadida elektr uskuna va materiallar zaxirasi ham yaratildi. Joylarda 1 ming 161 ta transformator, 572 tonna transformator moyi, 10 ming 900 dona temir-beton tayanch ustuni, 127 tonna sim, 860 kilometr kabel va boshqa materiallar shay qilingan. Qo‘shimcha ravishda taqsimlovchi tarmoqlarni modernizatsiya qilish dasturlari doirasida 6 880 kilometr elektr tarmog‘i va 2 730 ta transformator yangilandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus qarori ijrosi bo‘yicha 511 ob’ektda 47 ming 690 ta temir-beton tayanchi va 2 ming 900 kilometr elektr uzatish tarmog‘i o‘rnatildi. Bu ishlar esa qish mavsumida ta’minotning barqaror ishlashida ahamiyatlidir, –dedi S.Ibragimova.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA