Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining bir guruh xodimlari hamda Qorao‘zak tumanida istiqomat qiluvchi G.Jaqsimuratovaning Adliya bo‘limiga kelib tushgan murojaati ijobiy hal etildi.

– Jumladan 66 nafar xodim mehnat ta’tili uchun haq to‘langanligini, ammo ish beruvchining buyrug‘i mavjud bo‘lishiga qaramasdan ta’til bilan birga bir oylik ish haqi miqdoridagi moddiy yordam, yil davomidagi bayramlar munosabati bilan beriladigan rag‘batlantirish pullarni undirib berishda amaliy yordam berishni so‘rab yo‘llagan murojaati o‘rganildi, – deydi Taxiatosh tumani adliya bo‘limi boshlig‘i Farangiz Naranova. – Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudiga ish haqi va unga tenglashtirilgan mablag‘larni undirish yuzasidan da’vo ariza kiritildi. Sud muhokamasi natijasida Taxiatosh tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi xodimlariga jami 325 million 721 ming so‘m moddiy yordam va rag‘batlantirish puli undirib berish yuzasidan da’vo arizasi qanoatlantirilib, to‘lab berilishiga erishildi.

– Davlatimiz rahbarining 2024 yil 24 maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmonida adliya organlariga, uyma-uy yurib fuqarolarning huquqiy sohadagi muammolarini aniqlash va ularni bartaraf yetish vazifasi yuklatilgan, – deydi Qorao‘zak tumani adliya bo‘limi boshlig‘i Asilbek Iskenderov. – Ushbu vazifaning ijrosi doirasida fuqaro G.Jaqsimuratovaning pensiya yoshiga yetgan bo‘lishiga qaramasdan pensiyaga chiqa olmayotganligidan noroziligi to‘g‘risida murojaati kelib tushdi. Aniqlanishicha, jami 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan uning ishlagan davrlaridan 10 yil 9 oyi ish haqi va ijtimoiy soliq to‘langanligi to‘g‘risida ma’lumotlar topilmaganligi sababli ushbu yillar ish stajiga qo‘shib hisobga olinmagan va natijada pensiyaga chiqish uchun talab etiladigan 7 yillik eng kam ish stajiga ham ega emasligi sabab qilinib, byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Qorao‘zak tuman bo‘limi tomonidan pensiyaga chiqarish rad yetilgan.

Mehnat Kodeksining 125-moddasiga asosan, mehnat daftarchasi, mehnat stajini tasdiqlovchi asosiy hujjat hisoblanadi.  Fuqaroning mehnat daftarchasida 15 yillik mehnat staji to‘g‘risida ma’lumotlar ko‘rsatilganligi sababli uning huquqlarini himoya qilib, Nukus tumanlararo ma’muriy sudiga shikoyat arizasi kiritildi. Sudda G.Jaqsimuratovaning ish staji to‘liq tiklanib, fuqaro pensiyaga chiqish huquqiga ega bo‘ldi.

Adliya organlari tomonidan uyma-uy yurish va “Huquqiy ko‘mak” aksiyalarini o‘tkazish orqali fuqarolar kundalik hayotida aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tadbirlar davom etmoqda.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri