2021 yil 20 oktyabr kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda hukumat a’zolari va idoralar rahbarlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi Majlis Senat rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida jonli efirda uzatildi.

Oliy Majlis Senati yigirmanchi yalpi majlisida dastlab, maxsus ishchi guruhning uy-joylarni ajratish, ularga huquqiy maqom berishga oid hujjatlar, shu jumladan, arxiv hujjatlaridan foydalanish, yer va soliq qonunchiligini tahlil qilish bo‘yicha o‘rganish natijalari e’lon qilindi. Bu masala Senatning avvalgi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan edi. Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Cho‘lliyev bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Kun tartibida “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining faoliyati haqidagi axborotini eshitish ham nazarda tutilgan edi.

Biroq, Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining ushbu masalani yanada atroflicha o‘rganish maqsadga muvofiqligi, hamda uni kun tartibidan chiqarish to‘g‘risidagi taklifi senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2021 yil uchinchi choragidagi ijrosi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi hisoboti eshitildi.

Senatorlar mamlakatimizda koronavirus pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga ta’sirini yumshatish borasida hukumat tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilgan choralarni ijobiy baholadilar.

Olib borilgan islohotlar natijasida 2021 yilning yanvar-sentyabr oylarida yalpi ichki mahsulot o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 106,9 foizni, jumladan, sanoat – 109,0 foizni, xizmatlar – 107,6 foizni, qishloq xo‘jaligi – 104,2 foizni tashkil qilgan. Savdo aylanmasi hajmi 167,0 trillion so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 109,8 foizga o‘sgan.

Aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida 90,2 ming nafar fuqaro jumladan, 48,6 ming nafardan ortiq yoshlar hamda 59,6 ming nafar ayol kasb-hunarga, tadbirkorlikka o‘qitilgan.

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 28,6 ming ishsiz fuqaroga 58 milliard 900 million so‘m subsidiya ajratilgan. “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarning xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qish xarajatlarining bir qismi hamda ular bo‘yicha milliy sertifikatlar olish uchun o‘tkaziladigan imtihonlarni topshirish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun respublika byudjetidan 9 trillion 800 milliard so‘m sarflangan hamda mahalliy byudjetlarga aynan shu maqsadlar uchun 301 milliard so‘m ssuda ajratilgan.

Aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida jami 27 million dozaga yaqin vaksina olib kelinib, 23 million dozaga yaqin vaksina bilan qariyb 5 yarim million aholi koronavirusga qarshi barcha bosqichlarda to‘liq emlangan.

Shuningdek, mamlakatimizdagi qo‘shma korxonada ishlab chiqarilayotgan “Sputnik V” vaksinasi aholini emlash tadbirlarida foydalanish uchun topshirilgan.

Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilgan islohotlar natijasida 82 ta oilaviy shifokor punkti va 19 ta oilaviy poliklinika tashkil etilgan.

Yalpi majlisda Dastur ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar mavjudligi ta’kidlab o‘tildi.

Jumladan, madaniy meros ob’ektlarining hisobini yuritish, saqlash va himoyasini ta’minlash doirasida barcha madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlarini qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazish hamda milliy ro‘yxatini qayta shakllantirish, madaniy meros ob’ektlari elektron portalini yaratish, uni davlat elektron xizmatlari bilan integratsiya qilish, davlat kadastr hujjatini rasmiylashtirish va davlat kadastrlari yagona tizimiga tegishli axborotlarni joylashtirish ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Ayrim hududlarda Yoshlar texnoparklari faoliyatini tashkil etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz.

Muhokamalar yakunida Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng senatorlar Bosh vazir o‘rinbosarining yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va nogironligi bo‘lgan bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilash yuzasidan axborotini eshitdilar.

Prezident farmon va qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidan olib borilgan ishlar alohida qayd etildi. Ayniqsa, “Mehribonlik uylari”, bolalar shaharchalariga prezidentimiz tomonidan Milliy gvardiyaning mas’ul sifatida biriktirilishi sohada yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar sekin-asta o‘z yechimini topishiga olib kelayotgani ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamda hududiy komissiyalar to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlangan. Bolalarni uy-joy bilan ta’minlashning “onlayn-navbat” tizimi – mu.maktab.uz ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilingan. 675 nafar bola uy-joy bilan ta’minlangan. Farzandlikka olish jarayonida shaffoflikni ta’minlash maqsadida “Vasiylik” elektron axborot tizimi yaratilgan. Oilaga tarbiyaga olingan 141 nafar nogironligi bo‘lgan bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va 118 nafari davolash muassasalariga joylashtirilgan.

Senatorlar bajarilgan ishlar bilan birga ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanmagan topshiriqlarga ham e’tibor qaratdilar.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tuman-shahar hokimliklaridagi Bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyatlari va sho‘’balari hamon to‘liq ish boshlamagani, ular faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar tasdiqlanmagani senatorlar e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Normativ-huquqiy hujjatlarning o‘z vaqtida qabul qilinmasligi joylardagi islohotlar sur’ati va samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Hozirda oilaviy bolalar uylarini tashkil etish istagida bo‘lgan yurtdoshlarimiz soni kundan-kunga ortib boryapti. Lekin mazkur jarayonlarni tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar bugungi kun talablariga javob bermaydi. Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 31 iyuldagi “Oilaviy bolalar uylari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan Nizomni yangilash zarur.

Ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilinib, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda nogironligi bo‘lgan o‘g‘il-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda parlament va hukumat yaqin hamkorlikda ish olib borishiga kelishib olindi.

So‘ngra yalpi majlisda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining ko‘p kvartirali uy-joylarga xizmat ko‘rsatilishi va boshqaruv kompaniyalari faoliyati samaradorligi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan axboroti eshitildi.

“Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi Qonun, Prezidentning ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini takomillashtirish, boshqaruv organlari moliyaviy barqarorligini ta’minlash, ularning umumiy mol-mulkini saqlash, samarali foydalanish, uylarga tutash yer uchastkasini obodonlashtirishni ta’minlashga qaratilgan farmon va qarorlar ijrosi bo‘yicha vazirlik tomonidan muayyan ishlar bajarilgan.

Sohada samaradorlikni oshirish maqsadida so‘nggi besh yilda 1 ta Qonun, Prezidentning 1 ta Farmoni va 2 ta qarori qabul qilingan bo‘lib, mazkur jarayonda vazirlik faol ishtirok etgan.

Birgina “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi Qonun normalarini amalda qo‘llash bo‘yicha Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani hamda Jizzax va Marg‘ilon shaharlarida ko‘p kvartirali uylarni boshqarish bo‘yicha o‘tkazilgan huquqiy eksperiment bevosita vazirlik mas’uliyati asosida tashkil etilgan.

Qonunning 18 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.

2021 yil 1 sentyabr holatiga respublikada jami 38 373 ta ko‘p kvartirali uy mavjud bo‘lib, shundan 25 985 tasi 4 185 ta uy-joy mulkdorlari shirkati va 9 840 tasi 290 ta boshqaruv tashkiloti, 714 tasi mulkdorlar, tashkilotlar (balansida bo‘lgani uchun) tasarrufida boshqariladi.

1 834 ta ko‘p kvartirali uy boshqaruvsiz bo‘lib, ularning aksariyati yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardir.

Respublikadagi jami 4 185 ta shirkatning 1 351 tasi yaxshi, 1 658 tasi o‘rta va 1 176 tasi og‘ir toifadagi shirkatlar sirasiga kiradi.

Ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha aksariyat shirkatlar faoliyati samarasiz ekanligi, boqimanda tarzda ishlashi natijasida qarzdorlik yildan-yilga oshib borayotganligi, qonun hujjatlarida ko‘rsatilgan majburiyatlar bajarilmayotganligi kabi holatlar aniqlangan.

Jizzax, Marg‘ilon shaharlari va Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida qonunchilik talablariga zid ravishda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari buyruqlari bilan shirkat boshqaruvi raislari tayinlab kelingan.

Shuningdek, shirkat boshqaruvi raisining tegishli malaka sertifikatiga ega bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi qonun talabi ham bajarilmagan.

Tizimdagi muammolarni bartaraf etish maqsadida “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi Qonunga binoan, bugungi kunda respublikada jami 290 ta boshqaruv kompaniyasi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlari hamda Jizzax va Marg‘ilon shaharlarida ko‘p kvartirali uylarni boshqarish bo‘yicha huquqiy eksperimentlar tashkil etilgan.

Xususan, Yunusobod tumanida asosan 12 ta boshqaruv kompaniyasi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, qonunchilikka muvofiq Toshkent shahar hokimligining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan ochiq tanlovlar natijasida g‘oliblikka erishib, tumandagi 1 030 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatishni boshlagan.

Tumandagi ko‘p kvartirali boshqaruv kompaniyalarining xizmat ko‘rsatishi tufayli avariya holatlari 60 foizga, mulkdorlarning muddati o‘tgan majburiy badal bo‘yicha qarzdorligi 25 foizga qisqargan hamda 1,4 milliard so‘mlik bank krediti qaytarilgan.

Vazirlik tomonidan Qonun talablariga binoan ko‘p kvartirali uy-joylarga xizmat ko‘rsatilishi va boshqaruv kompaniyalarining samaradorligini ta’minlashda billing tizimini joriy etish bo‘yicha Prezidentning 2021 yil 19 iyundagi 5152-son qarori ijrosini ta’minlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda faoliyat yuritayotgan “Yagona hisob-kitob markazi” DUKlar faoliyatini talab darajasida yo‘lga qo‘yish, ko‘p kvartirali uylarni saqlash bilan bog‘liq xarajatlar bo‘yicha hisob-kitob ishlarini yuritishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash uchun uy-joy mulkdorlari shirkatlarida majburiy badallar hisob-kitobini yuritish va axborot-maslahat olish imkonini beradigan billing tizimi – “Obod uy” elektron dasturini amalda samarali qo‘llab borish kabi vazifalar ustuvor etib belgilab olinishi ta’kidlandi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yigirmanchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati

Axborot xizmati