Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan hududda mavjud ekologik vaziyatlarni sog‘lomlashtirish, atrof-muhitni, tabiiy va biologik resurslarni muhofaza qilish, aholining hayoti va faoliyatiga salbiy ta’sirni yanada yumshatish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast fondining tuzilishi hudud aholisiga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikning haqiqiy namunasi bo‘ldi.

– Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomada qayd etganidek, mintaqamizda, butun dunyoda ekologik vaziyatning tobora yomonlashib borayotgani bizni jiddiy tashvishga soladi, –deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Abdurahman Saparov. – bugungi kunda qo‘shni davlatlar va jahon jamoatchiligi bilan birgalikda Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar ta’sirini yumshatish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, dengizning qurigan tubida yuz minglab gektar o‘rmon va butazorlar tashkil etilmoqda.

Qo‘mita raisi ta’kidlaganidek, Orolbo‘yi mintaqasida inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama Trast fondiga 13,8 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ kelib tushgan bo‘lsa, keyingi ikki yilda 300 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘lar ichimlik suvi, aholi salomatligi va bandligini ta’minlash, tadbirkorlik, ekologiya, irrigatsiya-melioratsiya tizimlarini yaxshilashga sarflanadi.

Orol dengizining suvi qurigan tubida «yashil qoplamalar» – himoya o‘rmonzorlari barpo etish maqsadida so‘nggi ikki yilda 1 million 567 ming gektar maydonda saksovul va cho‘lga chidamli o‘simliklar ekildi va ushbu ishlar izchil davom etmoqda. Joriy yilning bahor mavsumida Orol dengizining kurigan tubidagi 458,4 ming gektardan ortiq maydonda “yashil qoplamalar” himoya o‘rmonzorlari barpo etish ishlari bajarildi. Natijada, dengizning suvi qurigan tubidan ko‘tarilayotgan qum, tuz va chang zarrachalarining salbiy ta’siri kamayishi, tabiiy muvozanat tiklanib, hayvonot va o‘simlik dunyosi jonlanishi sezilmoqda.

bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy maydoni 2 million 420 ming gektar bo‘lgan to‘rtta muhofaza etiladigan tabiiy hudud mavjud. Ularga maydoni 68717,8 gektar bo‘lgan Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati, maydoni 628300 gektar bo‘lgan “Saygachiy” majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi, maydoni 1447143 gektar bo‘lgan “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘i, maydoni 280507 gektar bo‘lgan “Sudoche-Akpetki” davlat buyurtma qo‘riqxonasi kiradi. Joriy yilda maydoni 350000 gektar bo‘lgan “Barsakelmes” buyurtma qo‘riqxonasi hamda maydoni 250000 gektar “Vozrojdeniya oroli” buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etiladi. Albatta, bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar barpo etilishi Amudaryo deltasida tabiiy to‘qay resurslarini muhofaza qilish, qayta tiklash va ulardan barqaror foydalanish, Ustyurt (platosi) tekisligining noyob biologik xilma-xilligini ishonchli muhofoza qilish, ekologik tizim holatini yaxshilash, o‘simlik va hayvonotlarning noyob turlarini saqlab qolish, ularni qayta tiklashga xizmat qiladi. Shuningdek, alohida ekologik qimmatga ega bo‘lgan tabiiy ob’ektlar va majmualarni saqlab qolish, ularni qayta tiklash, Orol dengizining qurigan tubida tabiiy landshaftlarni muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etgan edi. Ushbu taklif ma’qullanib, joriy yilning 18 may kuni bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi.

bugungi kunda “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi” konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilmoqda. Jumladan, Orol fojeasi oqibatlarini bartaraf etish va mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash, dengizning qurigan tubida yashil daraxtzorlar barpo etish orqali cho‘llanishning oldini olish, mintaqada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish, ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Orolbo‘yi hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar (dasturlar) ijrosini joyiga chiqqan holda o‘rganish, mutasaddi vazirlik va idoralarning hisobotlarini bevosita hududning o‘zida eshitish amaliyotini yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisida Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tashkil etildi. Albat a bu sa’y-harakatlar mintaqani rivojlantirish, ushbu hududda yashovchi aholining yashash sharoitini yaxshilash, fuqarolar salomatligini muhofaza qilish, bandligini ta’minlash va daromadini oshirishga xizmat qiladi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA