Termiz shahrida Surxondaryo viloyati faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari viloyatni kompleks rivojlantirish, “mahallabay” ishlash asosida aholi muammolarini hal etish va hayotini yaxshilash bo‘yicha sakkizta yo‘nalishdan iborat aniq vazifalarni belgilab berdi.
Qayd etilishicha, yaqin 2-3 yilda viloyatda 1,5 million aholining ichimlik suv muammolarini to‘liq hal qilish maqsadida “To‘palang” suv omboridan 400 kilometr magistral tarmoqlar quriladi. Bunga Xalqaro moliya institutlaridan 150 million dollar jalb qilish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari O.Ramatovga magistral tarmoqlarni loyihalashtirishda aholiga aniq ma’lumot berish, ya’ni bu yil qaysi tumanlarga, keyingi yil qaysiga suv keladi – bu haqda odamlarni xabardor qilib borish zarurligini ta’kidladi.
– Loyihani shunday qilasizlarki, uch yilga mo‘ljallangan magistral tarmoqlar bir yilda qayerga kelsa, darrov odamlarga ochib berasizlar. Ikkinchi yilda qaysi tumanga, olti oyda qaysi mahallaga olib kelamiz – odamlarga shuni e’lon qilamiz. Suv keldimi odamlar qabul qilib olaveradi. Hech qaysi viloyatda bunday imkoniyat yo‘q. “To‘palang”ni qanday qiyinchilik bilan qurganmiz, odamlarga qilgan mehnatlarimiz natijasini ko‘rsatishimiz kerak. Ikki oy muhlat sizlarga, birinchi yo‘nalishlarni menga aytasizlar, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Bosh prokuror N.Yo‘ldoshev va o‘rinbosari A.Mavlonovga magistral tarmoqlarni loyihalash va qurish, umuman, viloyatda sarflanayotgan mablag‘larni nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
– Viloyat prokurori ham faqat shu masala bilan shug‘ullanishi kerak, xiyonatga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Viloyatda kim kimning odami, qaysi amaldorning tanishi ekanini yaxshi biladi. Kimni aldaymiz biz? Bu uch-to‘rt yillab peshona terimiz, kechayu kunduz azob bilan topgan pulimiz-ku. Koronavirusga qarshi kurashga 80 trillion so‘m ketdi, 80 trillion! Lekin xalqni qutqarib qoldik bu balodan. Agar e’tibor bermaganimizda yo‘qotish qancha ko‘p bo‘lardi? Shuning uchun, Bosh prokuror va viloyat prokurori ketgan pulni har kuni sxema qilib tekshirib boradi. Mana Samarqandda eshityapsizlar, 50 ming dollar, 30 ming dollar, bitta mashina, uchta mashina… bilan qo‘lga tushayapti. Nima degani bu, kimni aldayapmiz?! Nima Surxondaryoda bu yo‘qmi? Bor! Hamma tuman rahbarlariga oyligini hal qilib berganmiz. Men hokim bo‘lib ishlagan paytda maoshimiz bitta galstukka yetmasdi. Hozir-chi? Viloyat hokimining, vazirning oyligini men bilaman, o‘zi biladi. Nima uchun? Ey noinsoflar, hammangizni boqib olaman, xalqni talon-toroj qilmanglar deyayapman. Oilasi bozorga, kasalxonaga borishga ham pul berib qo‘yganman. Chunki men bu azoblarni ko‘rganman. Hokimniyam oilasi, bolasi, nevarasi bor, har bitta tuman hokimiga, prokuroriga, soliqchisiga, muovinlariga uy qilib berganman. Qaysi davlatda bor bu? Insof sari baraka, odamlarga tarmashmaylik endi… Surxondaryoda nuroniylar boshchiligida bitta jamg‘arma tuzib, xalq rizqini o‘g‘irlagan odamlarga nafrat uyg‘otadigan tizim yaratish kerak. Nuroniylar borib o‘sha odamlarni ko‘zini ochsin. Mana shunday qilsak, xalqning halol puli tejalib, odamlar rozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda viloyatda ijtimoiy, kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga 2021 yil uchun qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Shundan 80 milliard so‘mi Bandixon, Qiziriq, Muzrabot va Sherobod tumanlarining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltiriladi.
– Men kecha tashrif buyurgan Sherobod tumanining Kattabog‘ mahallasida yashaydigan 5 ming nafar aholi ham, toza ichimlik suv bilan to‘liq ta’minlanadi. Ushbu mahalla aholisi, ayniqsa, yoshlarga madaniy hordiq uchun sharoit yaratish maqsadida zamonaviy mahalla markazi 1 oktyabrgacha barpo etiladi. Shuningdek, 200 o‘rinli bog‘cha, 180 ish o‘rinli tikuvchilik loyihasi, 50 gektar issiqxona va 150 gektar anorzor tashkil etiladi. Umuman, yaqin bir yarim yil ichida bu yerda mingta yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Bu kabi bunyodkorlik ishlari boshqa mahallalarda ham izchil amalga oshiriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Matnazar Elmurodov, O‘zA