Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va oldini olish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda Ombudsman va Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga o‘tgan yilda 800 ga yaqin monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Tashriflarda ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, mehnat qilish hamda tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotgani va boshqa shu kabi holatlar o‘rganib borilmoqda.

Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, 23-sonli mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxona negizida 50 o‘rinli ayollar bo‘linmasi ochildi.

Ombudsman tomonidan kiritilgan ta’sir choralarini ko‘rib chiqish natijasiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanidagi eskirgan Narkologiya dispanseri Nukus tumanida joylashgan bo‘sh binoga ko‘chirildi va bemorlarga qulay sharoitlar yaratildi. Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Surxondaryo filialidagi oshxona to‘liq ta’mirlandi.

Jizzax shahar hamda Do‘stlik tumanidagi vaqtincha saqlash hibsxonalari kapital, Samarqand viloyatidagisi joriy ta’mirlandi. Buxorodagi 4-son tergov hibsxonasida xo‘jalik ishlariga jalb qilingan mahkumlar uchun yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv xonalari qurildi.

Buxorodagi 17-son Jazoni ijro etish koloniyasining 12 -binosida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi va mahkumlar saqlanadigan kameralardagi sharoitlar yaxshilandi.

Ombudsmanga harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar hamda ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari (advokatlari) tomonidan 2 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan. Murojaatlar tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ko‘rib chiqilib, aksariyati ijobiy hal etilgan.

Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Yakkabog‘ tumanida joylashgan Qashqadaryo viloyati ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markaziga monitoring tashrifi amalga oshirildi. Unda jamoatchilik guruhi vakillari ham ishtirok etdi. 160 o‘ringa mo‘ljallangan markaz 1986 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan keksalar va 18 yoshdan yuqori bo‘lgan nogironligi bor shaxslar istiqomat qiladi.

Monitoringda ushbu muassasada yashovchi shaxslarning yashash va boshqa sharoitlari o‘rganildi. Aniqlanishicha, markazda yashovchi shaxslarning madaniy dam olishlari uchun alohida ma’naviyat xonasi ajratilgan. Shuningdek, tikuvchilik, rassomchilik, kosibchilik, duradgorlik bo‘yicha mehnat xonalari ham tashkil etilgan.

Shu bilan bir qatorda, markazda yashayotgan shaxslar bilan yakka tartibda suhbatlashildi. Monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra, mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsman ta’sir choralari shakldagi hujjatlar kiritildi.

Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili viloyat “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyi hamda Qorako‘l tumanida joylashgan “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyiga amalga oshirgan monitoring tashriflarida qator kamchiliklar aniqlanib, ushbu holatlarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha tegishli tashkilotga Ombudsman xulosasi kiritilgan.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Ombudsman xulosasiga ko‘ra nogironligi bo‘lgan ayollar internat uyidagi bemorlar navbatdan tashqari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Stomatolog va ginekolog shifokorlari jalb etilib, bemorlarda aniqlangan kasalliklarni davolash choralari ko‘rilgan.

Shuningdek, mazkur muassasaning yotoq joylarini ta’mirlash hamda bemorlar uchun sport maydonchasini qurish ishlarini 2025 yil xarajatlar smetasiga qo‘shish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyida qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilib, bemorlar uchun qo‘shimcha 100 o‘rinli yangi yotoqxona, qishki sport maydonchasi, faollar zali hamda yaqin hududlardagi nogironligi bor shaxslarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun kunduzgi parvarishlash-reabilitatsiya binolari qurilib foydalanishga topshirilgan.

Bundan tashqari, Ombudsman tomonidan jamoatchilik vakillari bilan birgalikda Buxoro viloyatida joylashgan Maxsus qabulxonaga amalga oshirilgan monitoring tashrifida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Ombudsman talabnomasi kiritilgan edi.

Natijada Maxsus qabulxonaga normativ hujjatlarga muvofiq, sun’iy shamollatish tizimi o‘rnatilgan, kameralarga yetarli darajada yorug‘lik tushishi ta’minlangan hamda yotoq joylari yangi ko‘rpa-to‘shak bilan ta’minlangan. Ba’zi tavsiyalar ijrosi bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

N.Abduraimova,  

O‘zA