1 fevraldan boshlab mahalliy yo‘nalishdagi poyezd chiptalari narxi yana oshiriladi bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlari chipta narxi 20−25%ga, «Sharq», «Nasaf» va «O‘zbekiston» tez yurar poyezdlariniki 30%ga qimmatlashadi.
Narxlarning oshirilishiga temir yo‘l infratuzilmasi xarajatlari, elektr energiyasi, yoqilg‘i va transport xarajatlarini qoplash, shuningdek, yangi yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish va yo‘lovchi vagonlari parkini yangilash, temir yo‘l vokzallari faoliyatini yangi talablarga muvofiqlashtirish va sifatli xizmat ko‘rsatish sabab qilib ko‘rsatilgan.
Ma’lumot uchun kompaniya tomonidan «Afrosiyob» tezyurar poyezdlarining chiptalari narxi bir necha bor oshirilgan. Birinchi marta narxlar 2023 yilning noyabr oyida 60%ga ko‘tarilgan, keyin esa ikki marta — yanvar va may oylarida oshirilgandi. Shu bilan birga, 2024 yilning 1 iyulidan tez yurar yo‘lovchi poyezdlarda ham narxlar oshirilgan edi.
Nozimbek Mardonov, O‘zA