Shu kunlarda bir qator sport turlari qatori dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham yana mashg‘ulotlarga qaytishdi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston dzyudo federatsiyasida terma jamoa a’zolari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Muloqot jarayonida 2025 yilgi mavsum rejalari muhokama qilindi. Federatsiya raisi o‘rinbosari Zafar Qahramonov, bosh kotib Aziz Sobirov yangi mavsum taqvimidan o‘rin olgan xalqaro musobaqalar, o‘tkaziladigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari xususida to‘xtalib, har bir sportchining texnik-taktik holati murabbiylar bilan birgalikda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, 2025 yilgi sport taqvimiga ko‘ra, milliy terma jamoa a’zolari 50 dan ortiq davlatning milliy terma jamoalari bilan birgalikda ilk xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini Avstriyada o‘tkazadi.
Joriy yil 16 yanvariga qadar davom etadigan yig‘inda Diyora Keldiyorova, Muzaffarbek To‘raboyev, Alisher Yusupov kabi “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlarida munosib natijaga erishgan mahoratli sportchilar qatori 10 nafardan ortiq yosh dzyudochilarimiz ham ishtirok etishi belgilangan
Yurtimiz dzyudochilari 1-2 fevral kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida yilning dastlabki nufuzli musobaqasi bo‘lgan “Katta Dubulg‘a” turnirida medallar uchun kurash olib boradi. Shundan so‘ng, 14-16 fevralda Bokuda, undan keyin 28 fevral — 2 mart kunlari Toshkentda tashkil etiladigan xalqaro turnirlarda vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Yig‘ilishda mazkur musobaqalarda munosib ishtirok etish uchun murabbiylar qatori, har bir sportchidan o‘ziga nisbatan talabchan bo‘lish lozimligi borasida zarur tavsiyalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, bugun erta tongda dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Avstriyaning Mitterzil shahrida tashkil etiladigan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etish uchun jo‘nab ketdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA