Prezidentimiz Surxondaryo viloyati faollari yig‘ilishida vohaning sanoat salohiyatini jadal rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab berdi.

– Umuman, viloyatda sanoat sohalarini jadal rivojlantirish uchun A.Voitov boshchiligida maxsus Muvofiqlashtiruvchi kengash tuziladi, – dedi davlat rahbari. – Bir oy muddatda sanoat sohasidagi jami qiymati 928 million AQSH dollar bo‘lgan 56 ta qo‘shimcha istiqbolli loyihaning har birini chuqur o‘rganib, tashabbuskori va moliyalashtirish manbasini aniq belgilagan holda, ularni amalga oshirish bo‘yicha tarmoq jadvallarini tasdiqlasin. Bunda Boysun, Sariosiyo, Sherobodni – qurilish materiallari, Qiziriq – yengil, Oltinsoy – oziq-ovqat, Angor – charm, Bandixon, Muzrabot tumanlarini mahalliy sanoatga ixtisoslashtirib, ushbu tumanlarda tegishli klasterlar tashkil etish choralari ko‘rilsin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sariosiyoda qurilish materiallari ishlab chiqarish innovatsion industrial zonasini tashkil etish lozimligini qayd etdi. Ixtisoslashtirilgan 8 ta tumanda sanoatni rivojlantirish uchun zarur bo‘ladigan jami 674 kilometr suv, elektr, gaz, yo‘l, aloqa tarmoqlarini qurish bo‘yicha manzilli loyihalar ro‘yxati shakllantirilishi belgilandi.

 

O‘zA