Prezident Surxondaryo viloyati faollar yig‘ilishida aholi daromadini oshirish, bandligini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga zarur topshiriqlarni berdi.
– bugungi deputatlarimiz, faollarimiz, nuroniylarimiz bilsinki faqat men emas, sizlar ham kuyib pishmasalaring Surxondaryoda hech nima bo‘lmaydi, – dedi Prezident. – Yangi uylarni quryapmiz kim sotib oladi? Aholi daromadi oshsa, tomorqasidan foyda olsagina yangi uylarni olishi mumkin.
Shuning uchun xususiy sektorni jalb qilgan holda, kelgusi 2 yilda 1 ming gektar maydonda terak va pavlovniya, 1 ming gektar tog‘ oldi hududlarda pista va bodom, 1 ming 500 gektarda kavrak plantatsiyasi tashkil etiladi.
Yig‘ilishdi pillachilik va ipakchilikda band bo‘lgan aholi sonini 73 ming nafarga yetkazib, 7,5 million tup tut ko‘chatlari ekilib, 511 gektarda yangi tutzorlar barpo qilinadi. Shuningdek, viloyatda respublikaning Ipak tolali paxta yetishtirish ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish yuzasidan mas’ullarga hukumat qarori loyihasini kiritish bo‘yicha topshiriq berildi.
Viloyat va tumanlar sektor rahbarlari tomonidan 2021-2022 yillarda har bir xonadonga 100 boshdan parranda boqish taklifi berildi.
Mas’ullar tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni kunlarda bu boradagi ishlar boshlab yuborilgan bo‘lib, olib kelingan 200 inkubatorning bir qanchasi Qiziriq tumanidagi aholiga tarqatildi.
Bundan tashqari, viloyatda qo‘y junidan gilam to‘qishni rivojlantirish yuzasidan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish lozimligi aytib o‘tildi.
A.Musayev, O‘zA