Bundan buyon Surxondaryo viloyatining 60 ta sektor rahbari o‘z hududidagi mahallalarda “o‘sish nuqtalari”ni belgilab, ularni rivojlantirish uchun ish vaqtining kamida 50 foizini mahallada o‘tkazadi. Bu haqda Prezident Termiz shahrida bo‘lib o‘tayotgan Surxondaryo viloyati faollarining yig‘ilishida ma’lum qildi.
– Surxondaryo misolida tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha xonadon egasi – tayyorlovchi korxona – qayta ishlovchi va eksportyorlarni bog‘lovchi, yangi yaxlit tizim yaratamiz.
Birinchidan, G‘aniyev, Qo‘chqorov, Bobolov, Haitov ikki oy muddatda unumdorligi past, g‘alladan bo‘shaydigan maydonlardan tomorqa yer egalariga sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirish uchun o‘rtacha 15-20 sotixdan 10 yil muddatgacha ijaraga berishning huquqiy asoslarini ishlab chiqsin.
Ushbu ajratilgan yerlarda yetishtiriladigan mahsulotlarga, meva-sabzavot va tomorqa klasterlari buyurtma beradi.
Buyurtmachilar mahsulot yetishtirish uchun barcha moddiy resurslar bilan ta’minlaydi va yetishtirilgan mahsulotni sotib oladi.
Umurzoqov, G‘aniyev, Bobolov mazkur meva-sabzavot klasterlari faoliyati samaradorligini oshirish va yana yangi klasterlarni tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqsin.
Ikkinchidan, Umurzoqov, Qo‘chqorov, Bobolov, Haitov 60 ta sektorning har birida, tomorqada mahsulot yetishtiruvchi xonadonlarni klasterlar bilan bog‘lovchi, tayyorlovchi korxonalar (saralash va saqlash punktlari) tashkil etsin. Tayyorlovchi korxonalar tomorqa yer egalaridan yetishtirilgan mahsulotni sotib olib, saralab klasterlarga eksport qilish va qayta ishlash uchun beradi.
Uchinchidan, Umurzoqov klasterlar tomonidan tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni tashqi bozorlarda sotishni tashkil etish uchun Rossiyadagi elchixonamiz va vakolatxonalarda Surxondaryo viloyati vakillari faoliyatini yo‘lga qo‘ysin.
Barcha sektor rahbarlari yil oxirigacha ushbu yo‘nalish bo‘yicha shug‘ullanishga safarbar etilsin. Ushbu ishlarni viloyatda tizimli va sifatli tashkil etilishiga vazir o‘rinbosari Otabek Choriyev shaxsan javob beradi, – dedi davlat rahbari.
Yig‘ilishda viloyatga tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilishni kengaytirish uchun oilaviy tadbirkorlik hamda xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish dasturlari doirasida 727 milliard so‘m kredit ajratilishi ma’lum qilindi.
Joriy yilda yangi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni tashkil etish uchun tadbirkorlarga 1 ming 300 ta yer maydonini auksionda sotishni ta’minlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Shuningdek, joriy yilda 50 ming nafar ishsizni jamoat ishlari, kooperativ va tomorqa xo‘jaligida bandligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Bunga Bandlikka ko‘maklashish va Jamoat ishlari jamg‘armalaridan 32 milliard so‘m ajratiladi.
O‘zA