Termiz shahrida Surxondaryo viloyati faollarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha nutq so‘zlamoqda.

– Bugun sizlar bilan birga viloyatni kompleks rivojlantirish, “mahallabay” ishlash asosida aholi muammolarini hal etish va hayotini yaxshilash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar va aniq vazifalarni belgilab olishimiz zarur.

Birinchi yo‘nalish – tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish.

Viloyatdagi 721 ta mahallaga vazirlar, bank raislari, viloyatdagi tashkilotlarning rahbar va xodimlari biriktirilib, har bir mahalladagi muammo va imkoniyatlar puxta o‘rganilgan. Shundan kelib chiqib, viloyatda sharoiti eng og‘ir bo‘lgan Bandixon, Qiziriq, Muzrabot va Sherobod tumanlarida 1 avgustgacha Mahallabay ishlash markazini tashkil etib, har uchta mahallaga, bittadan xodim biriktiriladi. Qolgan barcha shahar va tumanlarda ham bunday markazlarni 1 noyabrgacha yo‘lga qo‘yish zarur.

Markaz inspektorlari sektordagi boshqaruv ofisi bilan birga, har bir mahallada aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni keng rivojlantirish, infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni hal etishi kerak, – dedi Prezident.

Qayd etilishicha, Bandixon, Qiziriq, Muzrabot va Sherobod tumanlarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan 3 yillik dasturlar ijrosiga alohida e’tibor qaratiladi.

Davlatimiz rahbari ushbu 4 tumanda yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’ektlarini yer, mol-mulk, kichik korxona aylanmasidan olinadigan soliqlar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy miqdordagi daromad solig‘idan 2024 yil 1 yanvarga qadar ozod etishni taklif qildi.

Shuningdek, viloyatdagi tog‘li va yerlari sho‘rlangan hududlarda yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’ektlarini ham 2024 yil 1 yanvarga qadar yuqoridagi soliqlardan ozod qilish hamda foyda solig‘i stavkasini 2 barobarga kamaytirish kerakligi aytildi.

Mutasaddilarga bir oy muddatda ushbu imtiyozlar bo‘yicha Soliq kodeksiga tegishli qo‘shimchalar kiritish va ularni 1 iyuldan qo‘llash to‘g‘risidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish, shuningdek, Bandixon, Qiziriq, Muzrabot va Sherobod tumanlarini kompleks ijtimoy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari bo‘yicha hukumat qarorini qabul qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Faollar yig‘ilishi davom etmoqda.

 

O‘zA