18 may – Xalqaro muzeylar kuni
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida xalqimizning madaniy-ma’rifiy hayotini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidlab, madaniyat va san’at muassasalari faoliyatini jonlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga byudjetdan 420 milliard so‘m yo‘naltirilishi, jumladan, hududlarda 22 ta teatr va madaniyat ob’ekti qurilishi va rekonstruksiya bildirgan edi.
Davlatimiz rahbari shu bilan birga, Toshkent shahrida Milliy akademik drama teatri, mashhur yapon arxitektori Tadao Ando loyihasi asosida yangi san’at muzeyi, zamonaviy kutubxona hamda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ijod maktabidan iborat madaniyat va ma’rifat majmuasini barpo etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanishi haqida batafsil to‘xtalgandi.
Darhaqiqat, mamlakatimizga tashrif buyurgan har bir xorijlik sayyoh O‘zbekiston tarixi, Temuriylar tarixi, O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeylari kabi madaniy-ma’rifiy maskanlarga borishi, bu moziygohlardagi nodir eksponatlardan qalbi cheksiz hayrat va havasga to‘lib toshishi tabiiydir. Keyingi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar qatori muzeylar sohasini rivojlantirish va ularni yangi bosqichga olib chiqish borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Madaniyat vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Prezidentimiz ko‘rsatmalariga asosan 2017 yil 11 dekabrda Vazirlar Mahkamasining 2017-2027 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi qabul qilinib, shu asosida davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, binolarini ta’mirlash va ularda zamonaviy sharoitlar yaratish borasida ishlar olib borilmoqda.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda 20 ga yaqin muzeylar yangidan tashkil etildi. Jumladan, xalqimizning buyuk adiblari xotirasini abadiylashtirish maqsadida Marg‘ilon shahrida Erkin Vohidov, Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya muzeylari, Sharof Rashidov memorial muzeyi, To‘raqo‘rg‘on tumanida Ibrat muzeyi, Uchko‘prik tumanida Xaziniy muzeyi, Toshkent shahrida Abdulla Qodiriy memorial va uy muzeylarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, har bir viloyatdagi tegishli oliy o‘quv yurtlarida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyining filiallari tashkil etildi. Ushbu muzeylar bugungi kunda xalqimiz, ayniqsa yoshlarning sevimli maskaniga aylanib ulgurgani diqqatga sazovordir.
Prezidentimizning 2020 yil 26 maydagi «Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida muzeylar faoliyatiga katta e’tibor qaratilgan. Jumladan, O‘zbekiston davlat san’at muzeyiga – san’at sohasi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga – madaniyat va tarix sohasidagi barcha muzeylar faoliyatini ilmiy-tadqiqot va metodik jihatdan muvofiqlashtirish, ularning ushbu yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorligini ta’minlash, kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish vazifasi yuklatildi.
2021 yil 1 yanvardan boshlab ushbu muzeylarda muzeyshunoslik, san’atshunoslik, madaniyatshunoslik yo‘nalishlarida ilmiy kengashlar va ilmiy-metodik kengashlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu esa yurtimizdagi barcha san’at va tarix yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan muzeylardagi xodimlarning ilmiy salohiyatini yanada oshirish va ularga yanada keng sharoit yaratishdek maqsadlarni ko‘zlaydi.
2020 yil sentyabr oyidan boshlab davlat muzeylarida har oyning birinchi yakshanbasi «Ochiq eshiklar kuni», deb e’lon qilindi va muzeyga kirish tashrif buyuruvchilarga bepul etib belgilandi. bugungi kunda «Ochiq eshiklar kuni» har bir muzeyda ko‘tarinki ruxda o‘tkazilmoqda. Bu, albatta, tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otib, muzeyga tashrif buyuruvchilar safini yanada kengaytirmoqda. Shu bilan birga, 2020-2025 yillar davomida bosqichma-bosqich har bir tuman va shaharlarda o‘lkashunoslik muzeylari tashkil etiladi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiradi. Bunday tashabbus bilan har bir hudud tarixi va madaniyati to‘g‘risida chuqur izlanishlar olib borish, yosh avlodning o‘z hududi tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishishiga keng imkoniyat yaratadi. Yangi tashkil etilayotgan tuman (shahar) o‘lkashunoslik muzeylarining asosiy vazifasi hudud tarixi, tabiati, etnografiyasining bugungi holati va kelajagi haqida ma’lumotlar beruvchi ashyo va kolleksiyalarni yig‘ish, saqlash va ulardan foydalanishni tashkil etishdan iborat bo‘ladi.
Yurtimiz bo‘yicha 200 dan ortiq muzeyning yangidan tashkil etilishi ma’rifat va bilim maskani sifatida muzeylarga qaratilayotgan amaliy e’tibor natijasidir.
O‘zbekiston muzeylarida saqlanayotgan noyob ashyolarni dunyoga keng targ‘ib qilish va tanishtirish maqsadida bir qator ezgu ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Moskva shahridagi davlat Tretyakov galereyasida shu yil Xalqaro muzeylar kunidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi butun dunyoga mashhur muzey hisoblangan Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi kolleksiyasida saqlanayotgan Ivan Kudryashovning noyob asarlari ko‘rgazmasi tashkil etilmoqda. Hozirda ushbu ko‘rgazmaning ochilish marosimini yuqori saviyada o‘tkazishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, kelgusi 2022 yilda Parijning butun dunyoga mashhur Luvr muzeyida O‘zbekistonning bebaho merosini namoyish etish borasida ham qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Luvrda bo‘lib o‘tajak ko‘rgazma yangilanayotgan O‘zbekistonning boy tarixi, betakror milliy madaniyati va san’ati, bugungi taraqqiyot odimlarini g‘oyat muvaffaqiyatli tarzda aks ettirishiga shubha yo‘q.
Bularning barchasi kelajakda muzeyshunoslik va san’atshunoslik yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalarning muzey sohasiga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish, muzeylarimizda faoliyat yuritayotgan xodimlar mehnatini e’zozlash, kadrlar qo‘nimsizligining oldini olish, ayniqsa, muzeylarimiz jahondagi yetuk zamonaviy muzeylar qatoridan o‘rin egallashiga zamin yaratadi.
Nazokat Usmonova, O‘zA