Oliy Majlis Senati Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha idoralararo ishchi guruhining birinchi kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi.
O‘tgan davr mobaynida maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, sport, sog‘liqni saqlash, madaniyat, ko‘p qavatli uy-joylar va ichimlik suv ta’minoti ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya ishlari olib borilgan. E’tiborli jihati shundaki, rivojlanishning dastlabki bosqichlari o‘z ijobiy samarasini ko‘rsatmoqda. bugungi vaziyatda har bir qoraqalpog‘istonlikning qalbida bo‘layotgan o‘zgarishlardan mamnunlik hissi bor.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 noyabrdagi “2020–2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan har bir shahar va tumanning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda “o‘sish nuqtalari”, ya’ni drayver sohalar belgilangan. Qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat, to‘qimachilik, neft-kimyo sanoati, bog‘dorchilik, issiqxonalar tashkil qilish, ipakchilik, turizm sohasi shular jumlasidandir.
Ushbu hujjat asosida 2 ming 788 ta loyiha va ob’ektlarda 21 trillion 209 milliard so‘mlik keng ko‘lamli ishlar bajarilishi rejalashtirilgan. 2020 yilda umumiy qiymati 3 trillion 677 milliard 371 million so‘mlik 588 ta loyiha ishga tushirilishi belgilanib, amalda 2021 yilning 1 yanvar holatiga 1 ming 206 ta loyihaning 5 trillion 887 milliard so‘mlik investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi. 705 ta loyiha ishga tushirilishi hisobiga 4 ming 411 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
– Ushbu mintaqada eng og‘ir muammolardan biri bu ishsizlik. Shu jihatdan 2021 yilda umumiy qiymati 5 trillion 290 milliard so‘m bo‘lgan 592 ta loyiha amalga oshirilishi evaziga 10 ming 495 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan, – dedi Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan sharoiti og‘ir 45 ta mahallalarning bosh reja sxemalari ishlab chiqilib, Vazirlar Kengashi tomonidan tasdiqlangan. Biroq, bosh reja sxemalarini ishlab chiqishda piyodalar yo‘laklarini qurish va ta’mirlash, ichimlik suvi ta’minoti kabi birlamchi va kamxarj tadbirlar 2022-2023 yillarga rejalashtirilgan.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga metodik rahbarlik qilish ishlari yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan. Qaror asosida mazkur mahallalar uchun qariyb 3 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan. Biroq, hozirda mazkur mablag‘larning bir qismi “Obod qishloq” dasturi ro‘yxatiga kiritilgan 35 ta mahallaga ham yo‘naltirilishi oqibatida, sharoiti og‘ir toifadagi mahallalarda belgilangan vazifalarning to‘laqonli bajaralishi xavf ostida qolmoqda.
Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan 45 ta mahallaning bosh reja sxemalarini “mahallabay” tamoyili asosida qayta ishlab chiqish hamda mahalla raislarini “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari” bilan ishlash bo‘yicha o‘qitish choralari ko‘rilmoqda.
Orol dengizining qurigan tubini o‘rmonlashtirish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. 2018-2019 yillarda Orol dengizi qurigan tubida 1 million 125 ming gektardan ortiq maydonda qum yig‘ish ariqlari olindi hamda 461 ming gektar maydonda cho‘l o‘simliklaridan saksavul, yulg‘un, qorabaroq urug‘lari va ko‘chatlari ekildi. 2019-2020 yillarda 166 ming gektardan ortiq maydonda qum yig‘ish ariqlari olindi hamda 706,4 ming gektar maydonda cho‘l o‘simliklaridan saksavul, yulg‘un, qorabaroq urug‘lari va ko‘chatlari ekildi.
Bu borada yechimini kutayotgan bir qator muammolar ham sanab o‘tildi. Xususan, 5 ta bank tomonidan qiymati 31,1 milliard so‘mlik 5 ta loyihaga 14,4 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari o‘z vaqtida ajratilmagan. Shuningdek, 6 ta tuman (shahar) hokimliklari tomonidan 6 ta loyihaga o‘z vaqtida yer maydonlari ajratilmaganligi tufayli ishga tushirilmagan.
Fermerlar kengashi tomonidan qiymati 790 million so‘mlik 1 ta loyiha kredit resurslarining kelib tushmaganligi sababli o‘z vaqtida ishga tushirilmagan. 10 ta loyiha esa tashabbuskorlar tomonidan asosan hisob-kitoblarda noaniqliklar bo‘lganligi tufayli o‘z vaqtida bajarilmagan.
Senat tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarining ijrosi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan dasturlar, loyihalar ijrosi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, bu borada yuqori palata tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari salohiyatidan foydalanishga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.
Idoralararo ishchi guruhiga dastur ijrosi ustidan qat’iy nazoratni tashkil etish, amalga oshirilayotgan loyihalarning natijadorligini ta’minlash, yuzaga kelayotgan muammolarni joyida hal etish va aholining turmush sharoitlarini yaxshilash kabi vazifalar yuklatildi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA