Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Davlat rahbari o‘tgan hafta Toshkent viloyatiga tashrifida tadbirkorlar bilan muntazam uchrashib, ularning muammolarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq bergan edi. bugungi videoselektor yig‘ilishida bunday uchrashuvlarni har hafta o‘tkazish kerakligi ta’kidlandi.

Jumladan, Bosh vazir o‘rinbosarlari J.Qo‘chqorov, S.Umurzoqov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Biznes ombudsman D.Qosimovga har hafta o‘zlariga biriktirilgan hududlarga chiqib, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish va ularning muammolarini joyida hal qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Viloyat hokimlari ham haftada bir marta o‘z hududidagi tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning masalalarini yechib borishi kerakligi qayd etildi. Ushbu uchrashuvlar televideniyeda ko‘rsatilib, natijalari aholiga yetkazib boriladi.

Yig‘ilishda joriy yilning 1 noyabriga qadar 778 ta ijtimoiy soha ob’ektlari bo‘yicha qurish-ta’mirlash ishlarini yakunlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Jumladan, “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha – 379 ta maktab, 171 ta bog‘cha va 161 ta tibbiyot muassasasi, “Obod mahalla” dasturi doirasida – 57 ta maktab, 37 ta bog‘cha va 15 ta tibbiyot muassasasini qurish-ta’mirlash ishlari olib boriladi.

Shu bilan birga 968 ta sharoiti og‘ir qishloq va mahallalarda xususiy sheriklik asosida oilaviy bog‘chalar qurilishi amalga oshiriladi.

Prezident, shuningdek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga kirgan barcha qishloq va mahallalarning “tibbiy xaritasi”ni shakllantirish yuzasidan topshiriq berdi.

Davlat rahbari videoselektor yakunida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosi bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatilishi, har bir rahbar o‘ziga yuklatilgan vazifalarni vaqtida, sifatli bajarishi zarurligini ta’kidladi.

– bugungi yig‘ilishda sinchiklab tushuntirilmagan hech bir masala qolmadi. Rahbarlar esidan chiqarmasligi kerak, endi qattiq javobgarlik o‘rnatiladi. Agar xiyonat qilmasak, natijamiz bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zA