Shavkat Mirziyoyev raisligida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini joriy yilda amalga oshirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida energetika tizimidagi muammolarga ham e’tibor qaratildi.
Sir emas, elektr va gaz tarmoqlaridagi muammolar uzoq yillar davomida to‘planib qolgan bo‘lib, xalqning eng ko‘p noroziligiga sabab bo‘layotgan edi. Prezident topshirig‘i bilan joriy yilda ana shu muammolar yechimi bo‘yicha juda katta mablag‘ ajratildi. Bu sohalarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Videoselektor yig‘ilishida energetika vaziri Alisher Sultonov bu yil kuz-qish mavsumigacha energetika tizimida bajariladigan ishlar haqida hisobot berdi.
– Biz kuz-qish mavsumi degan gapni unutdik. Chunki aholining yozda ham elektr energiyaga bo‘lgan talabi yuqori bo‘layapti, uyida konditsioner ishlatayapti. Demak, elektr iste’moli mavsumiy emas, yil bo‘yi yuqori. Biz ana shu ehtiyojni ta’minlash uchun joriy yilda 617 million dollarlik loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Jumladan, Tojikiston bilan bir paytlar uzib tashlangan elektr liniyasi tiklanadi. Natijada elektrga ehtiyoj yuqori bo‘lgan qish mavsumida biz ushbu mamlakatdan elektr energiya olamiz, yoz mavsumida aksincha ularga o‘tkazamiz. Bunday ishni Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston bilan ham amalga oshiramiz. Natijada mintaqada bir paytlar bo‘lgan yaxlit energetik tizim tiklanadi, – dedi Alisher Sultonov.
Prezident ilgari mamlakatimizga energetika tizimiga hech bir investor sarmoya kiritmaganligini, keyingi yillarda hududlardagi elektr stansiyalarida yangi quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha qator yirik loyihalar amalga oshirilganini ta’kidladi.
– Ilgari energetika sohasida tartib yo‘q edi, hech qaysi investor bizda bu sohaga pul tikmasdi. Chunki eng katta korrupsiya aynan shu tizimda edi. Agar gaz bilan elektr bo‘lmasa obod qishloq ham bo‘lmaydi. Ana shuni hisobga olib, bu yil elektr va gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilishga katta mablag‘lar ajratdik. To‘rt yil oldin bu ishlarni qilolmasdik, chunki tizim yo‘q edi, sohalar tayyor emas edi. Endi “Hududgazta’minot” va “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonalari joriy yilda bajarilgan ishlar haqida mahalliy kengashlarga hisobot berib boradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda bu borada Qashqadaryo viloyatida amalga oshiriladigan ishlar haqida viloyat hokimi Z.Mirzayevninghisoboti tinglandi.
O‘zA