Bu haqda Prezident ayni paytda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bo‘yicha bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Mahalliy kengashlar har bir mahalla kesimida ijtimoiy soha, ichimlik suvi, yo‘l-transport va infratuzilma ob’ektlari “manzilli dasturi”ni tasdiqlaydi. Bunda, dasturlar doirasida mahalla raislari va aholining “ijtimoiy hamkorligi”ni ham nazarda tutish zarur, dedi davlat rahbari.

Ya’ni, davlat yangi yo‘l qurib bersa, uning atrofiga daraxt ekish, qazib berilgan ariq va zovurlarni keyinchalik tozalash, qurilgan binolarning butun saqlanishini ta’minlash bo‘yicha mahalla aholisi ўзиѓа majburiyat oladi.

Qurilish vaziri viloyat hokimlari bilan birga, “manzilli dastur”ga kiritilgan har bir ob’ekt bo‘yicha loyiha institutlarini biriktirib, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga mas’ul bo‘ladi.

Prezident loyiha-smeta hujjatlarisiz hech bir qurilishni boshlash man etilishini alohida qayd etdi. Shu bilan birga, dasturga kiritilgan barcha qishloq va mahallalarda 10 kun ichida qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari boshchiligidagi komissiya doimiy ravishda hududlarga chiqib, dasturdagi mahallalarning muammolarini joyida hal qilib boradi.

Ommaviy axborot vositalariga dasturlar doirasida komissiya tomonidan qilinayotgan ishlarni har kuni yoritib borish tavsiya etildi. Sektor rahbarlari belgilangan chora-tadbirlar ijrosi haqida har oyda mahalliy kengashlarda va ommaviy axborot vositalari orqali aholiga hisobot berishi aytib o‘tildi.

O‘zA